DXX va IIV narkotiklar aylanmasiga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazdi

20 yanvardan boshlab O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) hamkorligida tezkor-qidiruv hamda profilaktik tadbirlar kuchaytirildi. Maqsad — mamlakatdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va noqonuniy faoliyatlarning oldini olish.
Gulistonda avval sudlangan, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Gentra» tekshiruvdan to‘xtatilgan. Haydovchining mobil telefonida kuchli ta’sir qiluvchi narkotik vositalarga oid ma’lumotlar aniqlangani ortdan o‘tkazilgan tezkor-surishtiruvlarda u 2025 yil dekabridan beri bir nechta Telegram-kanallarda bir vaqtning o‘zida «kladmen» va «ximik» vazifalarini bajargani, shuningdek Gulistonda narkolaboratoriya tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.
Tintuv davomida 2,787 kg «Pregabalin», 1 900 dona «Pregabalin» kapsulasi, kapsuladagi 150 dona «Tropikamid» hamda 1 litr suyuq tropikamid, shuningdek ushbu preparatlarni tayyorlashga mo‘ljallangan uskunalar musodara qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, topilmalar chakana bozorda qariyb 1,8 mlrd so‘mga baholanmoqda. Gumondorga nisbatan JKning 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida DXX va IIV xodimlari 1983, 1988 va 1998-yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaroni qo‘lga oldi. Ular shartli xaridorga 3 mln so‘mga 36 dona «Regapen» tabletkasini sotgani aytilamoqda. «Spark» avtomobilidan yana 108 dona «Regapen» va 89 dona «Zardeks» tabletkasi topildi.
Tergov davomida Yunusobod tumanidagi ijaraga olingan uy-joydan keyinchalik sotish uchun saqlangan 7 784 dona «Regapen» va 200 dona «Zardeks» tabletkasi aniqlandi. Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, preparatlar yetkazib beruvchisi 1994 yilda tug‘ilgan Qo‘qonlik fuqaro bo‘lib, u Qirg‘izistondan Toshkentga 5 000 dona «Zardeks» tabletkasini olib kirishga uringan paytda ushlangan.
Ushbu yo‘nalishdagi tezkor tadbirlar natijasida jami 13 217 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Qo‘lga olinganlarning barchasiga nisbatan JKning 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish tanlandi.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida talonchilik bilan bog‘liq holat bo‘yicha bir guruh shaxslar ushlangani bildirildi. 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro to‘rt nafar sherigi bilan birga 500 AQSH dollarini qo‘lga kiritish maqsadida ikki fuqaroni kaltaklaganlikda gumon qilinmoqda. Holat yuzasidan JKning 165-moddasi 2-qismi («v» bandi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, poytaxtda «Malika» savdo majmuasida telefon savdosi bilan shug‘ullangan, 2003 yilda tug‘ilgan Toshkentlik fuqaro qo‘lga olindi. U avval JKning 169, 104, 227 va 168-moddalari bilan bir necha bor sudlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 17 Pro Max rusumidagi to‘rtta telefonni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish jarayonida xaridor bilan kelishmovchilik kelib chiqqan va gumonlanuvchi jabrlanuvchining yuz hamda qorin sohasiga o‘tkir buyum bilan bir necha bor zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Unga nisbatan JKning 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shaxs ushlangan.