date

Samarqandda qotil yollash rejasi fosh etildi: buyurtmachi ushlandi

Samarqandda qotil yollash rejasi fosh etildi: buyurtmachi ushlandi

Samarqand viloyatida og‘ir jinoyatning oldi o‘z vaqtida olindi. Viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qilishicha, huquq-tartibot idoralari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor chora-tadbirlar natijasida yollanma qotillikka buyurtma berishga urinish fosh etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan erkak Toshkent shahrida yashovchi tanishini yo‘q qilish maqsadida yollanma qotil qidirayotgani haqida tezkor axborot kelib tushgan. Shu zahoti Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat IIB hamda prokuratura xodimlari birgalikda vaziyatni nazoratga olib, maxsus reja asosida tezkor tadbirga kirishgan.

Tadbir doirasida shartli “yollanma qotil” jalb qilingan. Qayd etilishicha, 24 yoshli buyurtmachi o‘zida kelishmovchilik bor shaxsni o‘ldirishni topshirib, buning evaziga 2 200 dollar to‘lashini aytgan.

27 yanvar kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir paytida buyurtmachi shartli yollanma qotildan grim qilingan “murda” fotosuratni qabul qilib olgan va kelishilgan pulning asosiy qismini — 2 000 dollarni topshirgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Ya’ni, jinoyat amalga oshirilmagan, lekin unga tayyorgarlik jarayoni aniq hujjatlashtirilgan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida yana bir shaxsga doir muhim holatlar ham aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan buyurtmachi o‘zi ishlab kelayotgan MCHJning 30 yoshli rahbari bilan bog‘liq masala sabab bu ishga qo‘l urgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, rahbar Toshkent shahrida yashovchi qarindoshi bilan oldindan mavjud nizolari hamda katta miqdordagi qarz masalasi ortidan qotil yollashga buyurtma bergan bo‘lishi mumkin. Mazkur shaxs ham ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Bunday holatlar bir narsani qattiq eslatadi: “muammoni zo‘ravonlik bilan hal qilaman” degan fikr — eng xatarli yo‘l. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning tezkor harakati esa bu safar fojianing oldini oldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda qotil yollash rejasi fosh etildi: buyurtmachi ushlandi