Avtobusda chiptasiz yurganlarga 11 mingdan ortiq bayonnoma tuzildi

Toshkentda jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamay harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qarshi nazorat kuchaytirildi. “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari avtobuslarda “chiptasiz” yuradiganlarga nisbatan reyd tadbirlarini faol olib bormoqda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyi davomida avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-modda 5-qismi asosida jami 11 502 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va tegishli jarimalar qo‘llanilgan.
Mutaxassislar bu talab “shunchaki jazo” emasligini, balki jamoat transporti tizimi barqaror ishlashi, xizmat sifatini oshirish va infratuzilmani rivojlantirish uchun har bir yo‘lovchi yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashi shartligini ta’kidlamoqda. Nazorat reydlari esa muntazam ravishda davom ettirilishi bildirilgan.
Qisqasi, endi “bir bekatgacha-da” degan gap o‘tmaydi: karta/chipta bormi — bor, yo‘qmi — bayonnoma.