09:14 / 31.03.2017
7 388

Shavkat Mirziyoyev ayollarga qaynonalik haqida tavsiyalar berdi (video)

Shavkat Mirziyoyev ayollarga qaynonalik haqida tavsiyalar berdi (video)
29 mart kuni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining “Malikobod” mahallasi onaxonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga sumalak tayyorladilar. “Vang‘ozi agro” fermer xo‘jaligi shiyponiga kelgan Shavkat Mirziyoyev sumalak atrofidagi onaxonlar bilan suhbatlashib, ayni vaqtdagi dolzarb muammolardan biriga to‘xtalib o‘tdi.

Yaxshi ma’lumki, mamlakatimizda qaynona va kelin munosabatlari, ularning o‘rtasidagi muammolar tuganmas mavzu sifatida yuz yillardan beri tin olmaydi. Hammaning taqdiri turlicha, har bir oilada o‘zgacha vaziyat, o‘zgacha muhit va o‘ziga yarasha muammo. Bugun yaratilayotgan o‘zbek kinolarida ham qaynona-kelin muammosi goh hazil ko‘rinishda, goh ijtimoiy mavzu sifatida namoyon bo‘lyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Navoiyda onaxonlar bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida shu mavzuda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. So‘z avvalida Shavkat Mirziyoyev ota-onalar hayotda farzandlarining kamoli uchun yashashlarini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada, albatta, davlat etuk mutaxassislar tayyorlash, qolaversa, keyinchalik ularning ishlashlari uchun sharoit yaratib kelmoqda.

Qaynonalikka tayyorlanayotgan ayollarga, shuningdek, qaynonalarga ham o‘zining qimmatli tavsiyalarini berdi:

“Ayollarning og‘irini yengil qilsak, jamiyatimizda vaziyat o‘zgaradi. Kelin kim? Kelin – bizning qizimiz. Shu qizimizga biz yaxshi sharoit yaratib berishimiz lozim. Qaynonalar ham kelinni qizim desin. O‘z qizidan xulosa qilsin. Nega desangiz, ko‘p joylarda yosh juvonlar sharoit topa olmaydi: qaynona yomon gapiradi, er yomon gapiradi. Natijada ular ajrashadi, keyin qaynona ajrashgandan 6 oy keyin yana yangi kelin oladi. Ammo bu narsalar biz uchun uyat. Shuning uchun ham mazkur mavzuda gapiryapman, zora, odamlar tushunib etishsa”.

Ayni vaqtda Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari uyma-uy yurib, mavjud muammolarni hal etishga ko‘maklashishyapti. Bu esa jamiyatning farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz.

Shavkat Mirziyoyev onaxonlar bilan dildagi gaplar xususida so‘zlashar ekan, vaqt ko‘p bo‘lganida yana boshqa mavzularga ham to‘xtalib o‘tishga tayyorligini bildirib o‘tdi.

Mazkur suhbat aks etgan videolavhani e’tiboringizga havola etamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev ayollarga qaynonalik haqida tavsiyalar berdi (video)