Toshkentda 19 yoshli haydovchi oʻquvchini urib, qochib ketdi

Toshkent shahrida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlib, unda maktab oʻquvchisi jabrlandi. Voqea haydovchining masʼuliyatsiz harakati sababli yanada jiddiy tus olgani aytilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, hodisa 20 aprel kuni poytaxtning Olmazor tumanidagi Keles yoʻli koʻchasida roʻy bergan. Kadrlarda ikki nafar bola yoʻlni kesib oʻtayotgani, shu payt ulardan biri avtomobil ostiga tushib qolgani aks etgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlangan. U 19 yoshli yigit ekani maʼlum boʻldi.
Haydovchining taʼkidlashicha, u bolalarni payqagandan soʻng signal bergan, ulardan biri toʻxtagan, ammo ikkinchi bola chalgʻib, kutilmaganda yoʻlga yugurib chiqqan. U toʻqnashuvning oldini olishga uringan, biroq buni uddalay olmagan.
Shuningdek, u hodisadan soʻng sarosimaga tushib, shok holatida harakatni davom ettirganini aytgan. Keyinchalik toʻxtab, oʻziga kelgach, voqea joyiga qaytishga qaror qilgan, ammo bu vaqtda jabrlanuvchini tez yordam xizmati olib ketgan boʻlgan.
Oradan koʻp oʻtmay, haydovchi huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, sodir boʻlgan hodisa haqida xabar bergan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 133-moddasi (yoʻl harakati qoidalarini buzish oqibatida tan jarohati yoki moddiy zarar yetkazish) hamda 137-moddasi (yoʻl-transport hodisasi joyini tark etish) boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, jabrlanuvchining jarohat darajasiga qarab ish maʼmuriy yoki jinoyiy tartibda koʻrib chiqiladi. Agar tan jarohati yengil boʻlsa — maʼmuriy choralar koʻriladi, aks holda jinoyiy ish qoʻzgʻatilishi mumkin.
Mazkur holat yana bir bor haydovchilarni ehtiyotkor boʻlishga, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!