Denovda fojia: 32 yoshli erkak urib oʻldirildi

Surxondaryo viloyatining Denov shahrida mudhish jinoyat sodir boʻldi. 32 yoshli erkak bir guruh shaxslar tomonidan ayovsiz kaltaklanib, keyinchalik olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼlum qildi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa 27 aprel kuni soat 17:50 atrofida “Bogʻishamol” mahallasidagi avtotransport yuvish shoxobchasi oldida yuz bergan. Pul oldi-berdisi sabab avvaldan kelishmovchilik mavjud boʻlgan shaxslar oʻrtasida yana janjal kelib chiqqan.
Natijada 1989 yilda tugʻilgan Q.Sh. hamda uning sheriklari — 1996 va 1997 yillarda tugʻilgan uch nafar shaxs 1970 yilda tugʻilgan A.U. va uning oʻgʻli, 1994 yilda tugʻilgan A.A.ga hujum qilgan. Ular jabrlanuvchilarni urib, ogʻir tan jarohatlari yetkazgan va keyinroq avtomobilga solib, voqea joyidan olib ketgan.
Ogʻir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan A.A. shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, 28 aprel kuni hayotdan koʻz yumdi. Uning olgan jarohatlari hayot uchun oʻta xavfli boʻlgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq jabrlanuvchining vafot etgani sabab ish qayta malakalandi va ogʻirroq modda bilan tergov qilinmoqda.
Hozirda voqeada ishtirok etgan toʻrt nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!