20:41 / 10.04.2017
6 478

Gulistonda 72 yoshli onaxon pensiyaga navbatda turganida vafot etdi

Gulistonda 72 yoshli onaxon pensiyaga navbatda turganida vafot etdi
6 aprel kuni tushdan keyin Guliston shahrida pensiyasini olish uchun navbatda turgan 72 yoshli pensioner Mariya Xudoyqulova to‘satdan vafot etgan. Buni «Kun.uz»ga Guliston shahar hokimligida ham, M.Xudoyqulova pensiyasini olish uchun borgan joy — «Navbahor» mahalla fuqarolar yig‘inida ham tasdiqlashdi, deb yozadi "Kun.uz" nashri.

Voqea guvohlarining aytishicha, uchta mahallada yashovchi pensionerlarga «Navbahor» mahalla fuqarolari yig‘iniga — pensiyasini naqd pulda olib ketish haqida e’lon qilishgan. Pensiya olish uchun yuzdan ortiq qariyalardan iborat navbat hosil bo‘lgan. «Taraqqiyot» mahallasida yashovchi, 1945 yilda tug‘ilgan M.Xudoyqulova navbatda hosil bo‘lgan tiqilinchda nafasi qaytib, yurak xurujiga duchor bo‘lgan. Uning atrofdagilar yordam qo‘lini cho‘zishgan va «tez yordam» mashinasini chaqirishgan, biroq shifokorlar etib kelganida onaxonning joni uzilib bo‘lgan edi.

M.Xudoyqulovning o‘g‘li Damir onasi shu yilning yanvarida yurak xastaliklari shifoxonasida davolanganini aytib o‘tgan.

M.Xudoyqulova vafot etgan joy — «Navbahor» mahallasi raisi uning o‘limiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, chunki marhuma «Taraqqiyot» mahallasida yashaganini aytgan bo‘lsa, «Taraqqiyot» mahallasi raisi navbatdagi tiqilinch «Navbahor» mahallasida yuz bergani va bunga o‘zlarining aloqasi yo‘qligini, o‘lim holati yuz berganini boshqalardan eshitishganini aytib o‘tgan.

Guliston shahridagi pensionerlarga pensiya tarqatish uchun javobgar bo‘lgan bank xodimi esa baxtsiz hodisada mahallalar raislarini ayblagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtgacha gulistonlik pensionerlarga pensiyalari pochtalonlar tomonidan etkazilgan yoki pochta aloqa bo‘linmalarida tarqatilgan. 1 apreldan boshlab shaharda pensiya tarqatishni «Xalq banki» o‘z zimmasiga olgan. «Xalq banki» xodimi 6–8 aprel kunlari shaharning «Navbahor», «Sayqal», «Taraqqiyot» mahallalarida yashovchi pensionerlarga pensiya tarqatilishini bildirib, mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga bildirishnoma jo‘natishgan.

Bu uch mahallada 1290 nafar pensioner istiqomat qiladi.

Bank doimo bir nafar kassirni qariya va bemor pensionerlarning pensiyasini uyiga eltib berishi uchun safarbar qiladi, mahalla fuqarolari yig‘ini bunday pensionerlarning ro‘yxatini bankka taqdim etadi. Aftidan, bunday ro‘yxatga marhuma M.Xudoyqulova kiritilmay qolganga o‘xshaydi va uning o‘zi qo‘shni mahallaga pensiyasini olish uchun borgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulistonda 72 yoshli onaxon pensiyaga navbatda turganida vafot etdi