Sirdaryo havzasidagi har ikkinchi baliqda mikroplastik aniqlandi

O‘zbekiston olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot Sirdaryo havzasidagi baliqlar orasida mikroplastik bilan ifloslanish darajasi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tekshirilgan baliqlarning yarmidan ko‘pida plastik zarrachalari aniqlangan.
Mutaxassislar Chirchiq va Qoradaryo daryolaridan olingan 61 turdagi baliq namunalarini tahlil qilgan. Natijada ularning 60,7 foizi organizmida mikroplastik mavjudligi aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir baliq tanasida o‘rtacha 2,61 ta plastik zarrachasi uchragan.
Olimlarning ta’kidlashicha, mikroplastiklar baliqlarning ovqat hazm qilish tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, immunitetni zaiflashtirishi hamda endokrin tizim faoliyatini izdan chiqarishi mumkin. Bunday ifloslanish nafaqat suv jonzotlari, balki oziq-ovqat zanjiri orqali inson salomatligi uchun ham xavf tug‘dirishi ehtimoldan xoli emas.
Tadqiqot davomida yana bir muhim holat kuzatilgan. Unga ko‘ra, baliqning vazni va hajmi ortgani sari uning organizmida to‘plangan mikroplastik miqdori ham ko‘payib boradi. Bu esa yirik va uzoq umr ko‘radigan baliqlar plastik zarrachalarini ko‘proq yig‘ishini anglatadi.






























Izohlar 0
…