Bojxonada shov-shuv: yo‘lovchi sumkasidan bo‘g‘ma ilon chiqdi

“Navoiy” chegara bojxona postida noodatiy holat aniqlandi. Bojxona xodimlari tomonidan mamlakat hududiga yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilonni olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Bildirilishicha, mazkur ilon turi xalqaro muhofaza ostida bo‘lib, uni O‘zbekiston hududiga olib kirish uchun maxsus xalqaro CITES ruxsatnomasi talab etiladi. Biroq tekshiruv jarayonida yo‘lovchi tomonidan bunday ruxsat beruvchi hujjatlar taqdim etilmagan.
Hozirgi vaqtda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Aniqlanishicha, jonivor belgilangan tartib asosida Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislariga topshirilgan. Uning holati qoniqarli ekani ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon zaharsiz, ammo yirik o‘lchamli bo‘g‘ma ilonlar qatoriga kiradi. U o‘z o‘ljasini zahar bilan emas, balki kuchli tanasi bilan o‘rab siqish orqali ovlaydi. Bu tur asosan Markaziy va Janubiy Amerikaning tropik o‘rmonlari, butazorlari hamda savanna hududlarida uchraydi.
Uning uzunligi odatda 2–4 metrni tashkil etadi, ayrim yirik namunalari esa 5 metrgacha o‘sishi mumkin. Tanasidagi jigarrang, qora va sarg‘ish tusdagi murakkab naqshlar yo‘lbars terisini eslatgani uchun unga “yo‘lbarssimon” nomi berilgan.
Mazkur ilon kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar va mayda sutemizuvchilar bilan oziqlanadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, u odatda insonlarga hujum qilmaydi va zaharli hisoblanmaydi. Biroq kuchli mushaklari va katta hajmi sababli unga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish lozim.
Yana bir qiziq jihati shundaki, yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon tuxum qo‘ymaydi, balki tirik bola tug‘adi. Bir marta tug‘ish jarayonida o‘nlab bolalari dunyoga kelishi mumkin. Shu bois u dunyoning ayrim mamlakatlarida ekzotik uy hayvoni sifatida ham parvarish qilinadi.





























Izohlar 0
…