Toshkentda 86 yoshli ayol uyida qulflangan holda topildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 86 yoshli L. Juravlyova bir necha kun davomida uyida tashqaridan qulflangan holda yolg‘iz qolgani aniqlanib, holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi va rasmiy idoralar tomonidan nazoratga olindi.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 86 yoshli ayolning bir necha kun davomida uyida tashqaridan qulflangan holda yolg‘iz qoldirilgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqeani eshiklarni ochish xizmati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis tasvirga olgan. Unga ko‘p qavatli uylardan birida keksa ayolning eshigi ochilmayotgani haqida murojaat kelib tushgan.
Manzilga yetib borib eshik ochilganidan so‘ng, xonadonda yolg‘iz qolgan ayol uni tashqaridan qulflab ketishganini va bir necha kun davomida och qolganini ma’lum qilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xonadon avvalroq notarial tartibda boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu holatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Mas’ullar voqea joyiga chiqib, fuqaroning ijtimoiy va tibbiy holatini o‘rgangan.
Aniqlanishicha, L. Juravlyovaga 2026 yil 11 iyundan boshlab uy sharoitida ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish uchun vaucher ajratilgan bo‘lib, unga haftasiga to‘rt marta xizmat ko‘rsatilgan.
Tuman tibbiyot birlashmasi xulosasiga ko‘ra, ayol kognitiv buzilishlar va tomirli demensiya tashxisi bilan shifokorlar kuzatuvida bo‘lgan. Qo‘shimcha tibbiy ko‘rik natijasida unda 2–3 darajali dissirkulyator ensefalopatiya, kognitiv buzilishlar, tomirli demensiya hamda tarqoq osteoxondroz kasalliklari tasdiqlangan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ayolning xotirasi va fikrlash qobiliyati sezilarli darajada pasaygan bo‘lib, u mustaqil ravishda ovqatlanish va kundalik ehtiyojlarini bajarishda qiynalgan. Shuningdek, uning yolg‘iz qolishi xavfli vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi qayd etilgan.
Shundan so‘ng fuqaro “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga joylashtirildi. Ayni paytda unga 24 soatlik parvarish va tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, salomatligi barqaror ekani bildirildi.
Agentlik tekshiruv davomida tuman “Inson” markazi va tibbiyot birlashmasi xodimlari ayolning ahvoli og‘irlashayotganini o‘z vaqtida baholamaganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan mas’ul xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.






























Izohlar 0
…