Sergelidagi badbo‘y hidga nihoyat chek qo‘yiladi: muddat aytildi

Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini yillar davomida bezovta qilib kelayotgan badbo‘y hid muammosini hal etish bo‘yicha aniq muddat belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, mas’ullarga 1 sentyabrga qadar muammoni to‘liq bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
Ma’lum qilinganidek, yoqimsiz hidning asosiy manbai sifatida suv tozalash inshooti ko‘rsatilgan. Shu munosabat bilan oqova suv qabul qilish majmuasiga zamonaviy filtrlash texnologiyalari o‘rnatilib, havoga tarqalayotgan noxush hidni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Yig‘ilishda mazkur muammoni uzoq muddatli hal qilishga qaratilgan yirik loyiha ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2027 yildan Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida Quyi Chirchiq tumanida quvvati sutkasiga 300 ming kub metr bo‘lgan yangi zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Bu esa Sergelidagi mavjud inshoot yuklamasini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Sergelidagi badbo‘y hid muammosi bir necha yildan buyon aholining asosiy e’tirozlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Xususan, 2021 yilda “O‘zgarish” mahallasi aholisi doimiy noxush hid yuzasidan murojaatlar yo‘llagan edi. O‘sha vaqtda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida oqova suv tashlovchi qator korxonalarning 22 nafar mas’uliga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Yig‘ilishda transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi. Jumladan, 2026 yilda Sergeli tumanidagi asosiy 23 kilometrlik yo‘llarda harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanadi va 10 ming o‘rinli avtoturargoh barpo etiladi.
Bundan tashqari, kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan. U mazkur yo‘lakni Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘laydi. Shu bilan birga, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini jadallashtirish vazifasi ham belgilandi.






























Izohlar 0
…