Navoiyda kanalda cho‘milgan ikki 15 yoshli o‘smir fojiali halok bo‘ldi

Navoiy viloyatida ikki o‘smirning hayotiga zomin bo‘lgan ayanchli hodisa yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular cho‘milish uchun kanalga tushganidan so‘ng halok bo‘lgan. Ayrim ma’lumotlarda esa fojiaga elektr toki sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, voqea 2 iyul kuni tush vaqtida Navbahor tumanidagi Yangiobod mahallasi hududida sodir bo‘lgan.
Aniqlanishicha, 2011 yilda tug‘ilgan ikki nafar o‘smir — R.B. va A.S. mahalla orqali oqib o‘tuvchi Konimex kanaliga cho‘milish maqsadida borgan. Oradan ko‘p o‘tmay ularning jasadlari suvdan olib chiqilgan.
Hozirda ushbu fojianing aniq sabablarini belgilash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Navbahor tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan o‘lim sababini aniqlashga qaratilgan tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni, belgilanmagan joylarda cho‘milmaslikka hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda. Tergov yakuniga ko‘ra, hodisaning barcha tafsilotlariga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.






























Izohlar 0
…