5 ming yillik sir: Stounxenj toshlari u yerga qanday kelib qolgan?

Britaniyaning Ekseter universiteti tadqiqotchisi doktor Syuzan Grini Stounxenj qurilishida ishlatilgan ulkan toshlar qanday tashilganiga oid yangi ilmiy nazariyani ilgari surdi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Tadqiqot English Heritage tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, taxminan 5 ming yil avval barpo etilgan Stounxenj dastlab Uelsdan olib kelingan moviy toshlardan qurilgan. Bir necha asr o‘tgach esa ularning o‘rnini og‘ir sarsen toshlari egallagan.

Ma’lum bo‘lishicha, har biri qariyb 25 tonna keladigan bu toshlar yodgorlikdan taxminan 24 kilometr uzoqlikda joylashgan Marlboro Dauns hududidan olib kelingan. Olimlar taxminan bir asr avval Indoneziyada olingan tarixiy suratlarni tahlil qilib, megalitlar yog‘ochdan qurilgan maxsus yo‘lkalar — o‘ziga xos relslar orqali tashilgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.
Doktor Syuzan Grinining aytishicha, avvallari ulkan toshlar g‘ildirakli chanalar yordamida ko‘chirilgan, degan qarash ustun edi. Biroq yangi dalillar bu nazariyani shubha ostiga qo‘ymoqda. Uning fikricha, Stounxenj quruvchilari ham botqoq va qiyin hududlarda aynan yog‘och relslardan foydalangan bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Tadqiqotchilarning baholashicha, neolit davri insonlari bunday inshootlarni qurish uchun yetarli darajada yog‘ochga ishlov berish mahoratiga ega bo‘lgan. Bunday yo‘llarning uzunligi taxminan 4,8 kilometr bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Mutaxassislar toshlarni ko‘chirish ishlarida ko‘plab erkaklar va ayollar qatnashganini ham ta’kidlamoqda. Bu fikrni quruvchilar yashagan Darrington Uolls hududidan topilgan ulkan ziyofat izlari ham tasdiqlaydi. Bugungi kunda English Heritage tasarrufida bo‘lgan Stounxenj dunyodagi eng mashhur tarixiy yodgorliklardan biri bo‘lib, uni har yili 1 milliondan ortiq sayyoh ziyorat qiladi.






























Izohlar 0
…