BMWda YPX xodimini urgan o‘smirning sudi nega yopiq o‘tmoqda?

Toshkent shahrida YPX inspektorining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqila boshlandi. Sudlanuvchilar o‘rindig‘ida BMW avtomashinasini haydagan 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov turibdi.
Ma’lum qilinishicha, ish voyaga yetmagan shaxsga oid bo‘lgani sababli sud muhokamalari yopiq tarzda o‘tkazilmoqda. Dastlabki sud majlisi 26 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida bo‘lib o‘tgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, o‘smirga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi, ya’ni odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish moddasi bilan ayblov qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, fojiali hodisa joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida sodir bo‘lgan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW M4 rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan vaqtda Yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgan.
Inspektor og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramasdan, u uch kundan so‘ng vafot etgan.
Mazkur hodisadan keyin gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Tergov davomida unga transport vositasini olib qochish hamda odam o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Ayni paytda jinoyat ishi yuzasidan sud muhokamalari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…