Olimlar Yerga o‘xshash sayyorada hayot uchun muhim izni topdi

Quyosh tizimidan tashqarida hayot izlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar yana bir muhim natija berdi. Olimlar Yerga o‘xshash xususiyatlarga ega, bizdan 49 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan LHS 1140b ekzosayyorasida atmosfera mavjudligini ilk bor tasdiqladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Avvalroq atmosferalar asosan gaz gigantlari va “sub-Neptun” turidagi ekzosayyoralarda aniqlangan edi. Biroq bu safar olimlar yashash uchun qulay hududda joylashgan toshsimon sayyorada atmosfera borligini kuzatuvlar orqali birinchi marta isbotlashga muvaffaq bo‘ldi.
Tadqiqotning birinchi muallifi, Garvard universitetining sobiq tadqiqotchisi doktor Kollin Cherubimning ta’kidlashicha, bu nafaqat yashash uchun qulay hududdagi toshsimon sayyorada atmosfera mavjudligining ilk tasdig‘i, balki atmosfera tarkibidagi moddaning birinchi bevosita aniqlanishi ham hisoblanadi.
Olimning fikricha, ushbu natija LHS 1140b ni Quyosh tizimidan tashqarida astrobiologiya va hayot uchun qulay muhitni o‘rganishdagi eng istiqbolli obyektlardan biriga aylantirdi.
Ma’lum qilinishicha, sayyoraning massasi Yernikidan 5,6 barobar katta, radiusi esa taxminan 70 foizga keng. U tarkibi va harorati bo‘yicha Yerga ma’lum darajada o‘xshasa-da, doimo yulduziga bir tomoni bilan qarab turadi, suv zaxirasi ko‘proq bo‘lishi va atmosferasi Yernikidan sezilarli farq qilishi mumkin.
2017 yilda kashf etilgan LHS 1140b Kit yulduz turkumidagi kichik qizil mitti yulduz atrofida aylanadi. Cherubimning ta’kidlashicha, hozirgi ma’lumotlar sayyorada hayot uchun zarur bo‘lgan asosiy omillar — toshsimon yuza, suyuq suv mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan harorat va atmosfera borligini ko‘rsatmoqda. Atmosfera suvning kosmosga chiqib ketishini cheklab, yuzani zararli nurlanishdan ham himoya qilishi mumkin.
Tadqiqotchilar shu tizimdagi yana bir toshsimon sayyora — LHS 1140c da esa atmosfera izlarini aniqlay olmagan.
Science jurnalida chop etilgan maqolaga ko‘ra, kuzatuvlar Chilidagi Las-Kampanas observatoriyasida joylashgan Magellan Clay teleskopi yordamida amalga oshirilgan. 2024 yilgi kuzatuvlarda sayyoradan chiqib ketayotgan geliy gazi qayd etilgan. Keyingi kuzatuvlarda bu gaz aniqlanmagan bo‘lsa-da, olimlar ehtimoliy xatolar va soxta natijalarni qayta tekshirib, ilk xulosalarning ishonchli ekanini tasdiqladi.
Oksford universiteti professori Jeyn Birkbi ham bu natijani muhim kashfiyot deb baholadi. Uning fikricha, qizil mitti yulduzlar atrofidagi toshsimon sayyoralarda atmosfera saqlanib qolishi hayot izlash bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochadi va kelgusida bu kabi sayyoralarda hayot mavjudligi haqidagi savollarga yanada yaqinlashish imkonini beradi.






























Izohlar 0
…