08:10 / 30.05.2017
7 906

“O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz”ning 665 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan

“O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz”ning 665 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni "Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" imzolagan farmonida ushbu soha jiddiy va tanqidiy jihatdan qattiq o‘rganilganini namoyon etdi.

Yoqilg‘i-energetika sohalarida to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar energiya resurslari bo‘yicha debitor qarzdorlikni keskin kamaytirishga va elektr energetika hamda gaz tarmoqlarini yanada rivojlantirish, ijro ishi yuritish samaradorligini oshirishga imkon bermagan, deyiladi farmonda.

Birinchidan, ta’minotchi korxonalar tomonidan etarli choralar ko‘rilmaganligi oqibatida iste’molchilarning shartnoma majburiyatlariga rioya etishi lozim darajada ta’minlanmagan, ularning aksariyati iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlarni muntazam ravishda amalga oshirmagan.

Ikkinchidan, energiya resurslari iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muddatlarining kechiktirib yuborilganligi etkazib berilgan va iste’mol qilingan hajmlar hisobi yuritilishining haqqoniyligini ta’minlashga hamda hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirishga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uchinchidan, eskirgan elektr uzatish tarmoqlari, transformator podstansiyalari va punktlari, gaz quvurlari hamda tegishli infratuzilmaning yangilanish sur’atlari sustligi – texnologik yo‘qotishlarning ko‘payishiga va energiya resurslarining, ayniqsa, joylarda, surunkali uzilishlar bilan etkazib berilishiga olib kelmoqda.

To‘rtinchidan, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlik holatini onlayn tarzda kuzatib borish imkonini beruvchi zamonaviy elektron to‘lov tizimlarini rivojlantirish past darajada qolmoqda.

Beshinchidan, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK tomonidan nazoratchilar ishining tashkil etilishi ustidan idoraviy nazorat lozim darajada o‘rnatilmaganligi debitor qarzdorlikning haddan ziyod o‘sishiga olib kelmoqda.

Oltinchidan, qarzdorlarni elektr va gaz tarmog‘idan uzish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmasdan, aslida mavjud bo‘lmagan qarzdorlikni undirish haqida sudlarga aksariyat hollarda “bir xil qolipdagi” arizalarning kiritilishi ta’minotchilarning energiya resurslari uchun haq undirish borasidagi ishlarni tashkil etishga rasmiyatchilik bilan yondashayotganligidan dalolat bermoqda.

Ettinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti faoliyatini tashkil etishdagi jiddiy kamchiliklar ijro ishi yuritilishi samaradorligiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Amaldagi undiruv ko‘rsatkichining 2016 yilda atigi 45 foizni tashkil etganligi ham bundan dalolat beradi.

Sakkizinchidan, idoralararo hamkorlikning va Sud departamenti faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi ijro hujjatlari hisobi yuritilishida haqqoniylikni ta’minlashga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijro etilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

To‘qqizinchidan, qonuniylikni va ijro intizomini mustahkamlash ishlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar oqibatida 2016 yil va 2017 yilning I choragi davomida sodir etgan huquqbuzarliklari uchun “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AKning 665 nafar, Sud departamentining 36 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz”ning 665 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan