10:36 / 03.06.2017
49 586

Bedana boqish bo‘yicha tavsiyalar

Bedana boqish bo‘yicha tavsiyalar
Hozirgi kunga kelib bedana boqish va ko‘paytirish iqtisodiy jihatdan yaxshigina daromadli sohaga aylangan. Bedana ancha mahsuldor bo‘lib, modasi bir yilda 250–255 tagacha tuxum qilishi mumkin.

Tuxumdan chiqqan polaponlarning qariyb 70–80 foizi yashab ketadi. Juda tez rivojlanadi va turli kasalliklarga bardoshli.
To‘g‘ri, bedananing vazni yengil, tuxumlari ham mayda. Ammo bedana go‘shti va tuxumlarining g‘aroyib shifobaxsh xususiyatlari sababli unga doim talab yuqori.

Bedana bir yilda 250–300 dona tuxum qo‘yadi. Tuxumi kichkinagina bo‘lib, uchtasi bir tovuq tuxumiga tengdir. Tuxumining og‘irligi 8–14 gramm, so‘yilgan bedana go‘shtining og‘irligi 100–120 gramm keladi. Bedana 50–60 kunlik davridan boshlab tuxum qo‘ya boshlaydi, hatto 40 kunligidan ham tuxuga kirishi mumkin. Bedana tuxumi tovuqnikiga nisbatan bir necha barobar foydali va ajoyib xususiyatlarga ega. Tovuq tuxumiga qaraganda bedana tuxumi tarkibida kaliy 5 barobar, temir 4,5 barobar, V1 va V2 vitaminlari 2,5 barobarga ko‘p bo‘lib, A vitamini, nikotin kislotasi, fosfor, mis, lizosim, kumush va boshqa aminokislotalar ham anchagina. Oqsil moddasi ham boshqa parrandalar tuxumiga nisbatan ancha yuqori. Masalan, tovuq tuxumida oqsil moddasi 55,8 foizni tashkil etsa

Parvarishlash. Bedanani xonaki tarzda boqish va parvarishlashning o‘ziga xos tomonlari bor. Avvalo, ularni juda yaxshi o‘rganish zarur. Bu qushlar shovqinni yoqtirmaydi. Chunki ular ozodlikda o‘tlar qalin va baland o‘sgan joylarni makon tutishadi. Shu bois ham bedana parvarishlanadigan qafaslar (qovoqlar) uch tomonidan, shovqin o‘tkazmaydigan mato bilan qoplanishi maqsadga muvofiq.

Bedana saqlanadigan qafas elvizak esadigan, qattiq shovqin eshitiladigan va kuchli yorug‘lik tushadigan bo‘lmasligi lozim. Kafas ichiga uyum-uyum xashak solish talab etiladi, bedanalar ularning orasiga kirib olishni juda yaxshi ko‘radi. Vaqti-vaqti bilan ularni yangisiga almashtirib turish kerak.

Katta bedanalar bir kecha-kunduzda ikki-uch marta oziqlantiriladi. Omixta emi tarkibida don-un (arpa, suli, maydalangan makkajo‘xori unlari aralashmasi) – 60 foiz, oqsilli aralashma (tvorog, maydalangan baliq) – 35 foiz hamda mineral aralashma (tuxum po‘chog‘i, bo‘r) bo‘lishi maqsadga muvofiq. Odatda bedanalarga soya va kungaboqar shroti (kunjara) berish mumkin, ammo chigit kunjarasini berish mumkin emas.

Tuxumdan chiqqan polaponlar dastlabki hafta mobaynida bir kecha-kunduzda besh martagacha oziqlantiriladi. Bir yarim oylik bo‘lguniga qadar sekin-asta kamaytirilib, ikki marta oziqlantirishga o‘tiladi. Yoz oylarida esa qushlarning har biriga qo‘shimcha ravishda kuniga o‘rtacha o‘n gramm atrofida maydalangan barra o‘t ham berish tavsiya etiladi. Idishida hamisha toza suv bo‘lishi lozim.

Ikki oylik bo‘lganidan so‘ng bedanalarning vazni o‘sishdan to‘xtaydi. Bu paytda nar bedanalarning og‘irligi 400 grammgacha etishi mumkin.
Ko‘p tuxum olishni ko‘zlaganlar uchun bir kvadrat metrlik maydonda 50 tagacha bedana boqish tavsiya etiladi. Bedana tuxumlari sovuqqa ta’sirchan, shu bois ham ularni tezroq issiqroq joyga o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Bedana tuxumining foydali xususiyatlari: insonning qon bosimini me’yoriga keltirib, immunitetni kuchaytiradi; yurak qon-tomir faoliyatini yaxshilaydi; soch va tishlar to‘kilishining oldini oladi; asab tizimi buzilishi, kamqonlik, gipertonik kasalliklar, bronxial astma va qandli diabetda ijobiy samara beradi; umrni uzaytiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi; uning yordamida gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yaralari, o‘pka shamollashi, oshqozonosti bezi yallig‘lanishi, stenokardiya kabi ko‘pgina kasalliklarni davolash mumkin.

Bedana tuxumini xona haroratida 30 kun, sovutgichda 60 kungacha saqlash mumkin. Tadqiqotchilar va tabiblar bedana tuxumini is’temol qilishning inson organizmidagi hech bir a’zoga zarari, salbiy ta’siri yo‘qligini aniqlashgan.

Bedana go‘shti etishtirishni maqsad qilganlar uchun esa bir kvadrat metr maydonda 20–30 bedanani parvarishlash tavsiya etiladi. Uning go‘shti yuqori kaloriyaga ega, to‘yimliligi, mazasi va parhezbopligi jihatidan quyon va tovuq go‘shtidan ustun turadi. Yurak, oshqozon, jigar, o‘pka, buyrak kasalliklarida iste’mol qilinadi, surunkali kasalliklarni davolashda asqotadi, hayotiy tonusni oshiradi va suyaklarni mustahkamlaydi.

Bedana qafasidagi haroratni muntazam 25 daraja atrofida saqlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Ammo voyaga etgan bedanalar, hatto, isitilmaydigan qafaslarda ham qishni bemalol o‘tkaza oladi. Tanasidagi yuqori harorat, zich issiq patlari va xashak ichiga kirib olishi ularni sovuqdan asraydi.

Odatda bitta bedana sakkiz oy boqiladi, shundan olti oy davomida tuxum olinadi, sakkiz oydan so‘ng go‘shtga so‘yiladi. Bitta bedana olti oy davomida taxminan 130 tacha tuxum beradi. Buni bedanalar soniga ko‘paytirib, daromadni chamalash mumkin. Masalan, 30 kunlik 200 moda bedanangiz bor bo‘lsa, uni boqish uchun bir sutkada o‘rtacha olti kilogramm em sarflanadi. Agar shuncha bedanani to‘g‘ri oziqlantirsangiz, oyiga 4800 donagacha tuxum olishingiz mumkin.

Bedana kasalliklarining oldini olish. Bedana solingan qovoqni muntazam tarzda tozalash uni tez-tez dezinfeksiyalab turish tavsiya etiladi. Shuningdek, ularni boquvchi kishining o‘zi ham sanitariya va gigiena talablariga qat’iy rioya qilishga alohida e’tibor qaratishi zarur.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bedana boqish bo‘yicha tavsiyalar