11 420
Gumonlanuvchi foydasi uchun ko‘rsatmalar. Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha navbatdagi tafsilotlar
Borovskiy nomidagi Toshkent shahar tibbiyot kollejining 17 yoshli talabasi Jasurbek Ibrohimov shu kollej talabalari do‘pposlagani oqibatida vafot etgani voqeasi haftaning dolzarb mavzusiga aylandi. Toshkentliklar ushbu hodisaga katta e’tibor qaratishmoqda, deb yozadi Kun.uz sayti.
3 iyun kuni bu xabar internet nashrlarida tarqalgach, shange.org saytida Jasurbek Ibrohimovni o‘lasi qilib kaltaklaganlarni jazolash so‘ralgan petisiya paydo bo‘ldi. Uni imzolaganlar soni ayni vaqtga kelib 16 ming nafardan oshdi.
4 iyun kuni Toshkent shahridagi Do‘stlik (sobiq Bobur) bog‘i hududida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri nomiga yo‘llangan, aybdorlarni jazolash talab etilgan petisiyani yuzlab kishilar imzolashdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa Mirobod tuman IIBda Jasurbek Maxamadjon o‘g‘li Ibragimov og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etganligi holati yuzasidan ichki ishlar vakillari, jinoyatda gumonlanuvchi Islom To‘laganovning ota-onasi, advokatlar va OAV ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
IIBBning rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, mazkur uchrashuvda huquqni muhofaza qilish idoralaridan: Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari adliya kichik maslahatchisi F. X. Abdurahimov, Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i adliya katta maslahatchisi B. B. Maxsitov, Mirobod tumani prokurori adliya maslahatchisi A. G. Axunov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik D. B. Toshxo‘jaev va Toshkent shahar IIBB boshqarma boshlig‘i polkovnik A. Sh. Umarxonov ishtirok etgan.
Uchrashuvda OAV vakillarining holat yuzasidan olib borilayotgan tergov-surishtiruv ishlari bilan bog‘liq barcha savollariga javoblar berilgan.
Xususan, uchrashuvda dastlabki tergov davomida mazkur holatning kelib chiqish sabablari, ta’lim muassasasining o‘qituvchi-pedagoglari va tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlariga ham huquqiy baho berilishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Bundan tashqari, ushbu uchrashuvda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchi I. A. To‘laganovning ota-onasi ham ishtirok etib, OAV vakillarining savollariga javob qaytarishgan.
Islom To‘laganovning otasining ko‘rsatmasi
Gumonlanuvchining otasi, 1998 yildan buyon advokat bo‘lib ishlagan, hozirda pensiyaga chiqqan Abdujalil Rasulov o‘zining hodisaga aloqadorligini inkor etmaydi. Ammo u avvalroq berilgan versiyalarni ham, ya’ni o‘g‘li va boshqa bolalar guruhi Ibrohimovni kaltaklaganini inkor etadi. Internetda uning ko‘rsatmalaridan skrinshotlar tarqalgan.
Uning o‘g‘li Islombek To‘laganov esa Jasur bilan faqat bir o‘zi mushtlashganini aytmoqda.
«Biz juda qayg‘udamiz. Men bu vaziyatda o‘g‘limni aybsiz deya olmayman», — degan Rasulov.
Otaning so‘zlariga ko‘ra, yigitlar o‘rtasidagi kelishmovchilik kollej hududida ro‘y bergan. Jasur va Islom o‘rtasidagi mojaroga Islom Jasur haqida «miyasi operasiya qilingan kasal» so‘zlarini ishlatgani sabab bo‘lgan.
«Men 2 may kuni o‘g‘lim Islombekni o‘qishiga olib bordim. Dars soat 13:30da boshlanishi kerak edi. Bu vaqtdan yarim soat oldin kollejga etib bordik. Borganimizda Jasurbek boshqa bir kollejdoshi Dilshod Abdullaev bilan nima haqdadir gaplashib turgan edi. Bildimki, Jasurbek Dilshodning singlisiga gap otgan. Islom esa ularning o‘rtasiga tushdi va dedi: «Dilshod aka, kerak emas, Jasurning jarohati bor, u kasal, boshidan jarohatlangan», — dedi. Shundan so‘ng Dilshod ketdi», degan Rasulov.
Shundan keyin, ko‘rsatmaga ko‘ra o‘zini haqoratlangan sezgan Jasur keyingi kunda Islomni urgan. Go‘yoki, Jasur kursdoshlari Bekzod va Timur bilan birga chiqindi tashlanadigan joy oldida hojatxonadan qaytayotgan Islom bilan to‘qnashgan.
«Ular o‘g‘limni 4 qavatli bino oldiga chaqirishgan va u erda Jasurbek unga degan: «Sen kecha nega Dilshodga meni kasal va boshida jarohati bor deding?» Bilishimcha, 2015 yilda u operasiya qilingandi. O‘g‘lim uning foydasi uchun shunday deganini aytgan va istasa, uzr so‘rashini bildirgan. U yana bir marta uzr so‘ramoqchi bo‘lganida yuziga musht kelib tushgan. Islombek degan: «Ko‘ngling to‘ldimi?» va o‘quv korpusining boshqa tomoniga yo‘nalgan».
Rasulovning so‘zlariga ko‘ra, Jasur Islom bilan darsdan keyin mushtlashmoqchi bo‘lgan. Uchinchi kurs talabasi Timur Jasurni bundan qaytarishga uringan, ammo bu befoyda bo‘lgan.
«Ular mushtlashishni boshlashdi. Ko‘rinishidan, Jasurbek avval kurash bilan shug‘ullangan. U usul qo‘llab, Islomning qo‘lini qayirgan va ular yiqilgan. Shu vaqtda uchinchi kurs talabasi Hurmat kelib, ularni ajratgan. Shundan keyin Islom shikastlangan elkasini ushlab keta boshlaydi. Lekin Jasur Islomga qarab yuguradi. O‘lmas baqirib bundan ogohlantiradi, shunda Islom o‘ng oyog‘ini ko‘taradi va tirsagi bilan yuzini to‘sadi, Jasur unga qorni bilan kelib uriladi va undan qon oqa boshlaydi», — deya talqin qilgan Islomning otasi.
Uning ma’lum qilishicha, bolalar jarohatlangan Jasurbekka yordam ko‘rsatish uchun stomatalogiyadagi hamshiralarni chaqirishgan. Ayollar uning qonlarini yuvishgan, shundan so‘ng ketishgan, Jasur 500-600 m masofani jarohatlangan holda bosib o‘tgan.
Ota bu manzara kollejdagi kuzatuv kamerasiga muhrlanganini aytadi. U kuzatuv kamerasini ko‘rishga qanday erishgani noma’lumligicha qolmoqda, IIBB bunga oydinlik kiritmoqda.
Abdujalil Rasulov kollejdagi videoyozuvlarni ko‘rganini ta’kidlab, Jasur Ibrohimovning kuratori ham Jasur Islomni urganini tasdiqlashi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. U kuzatuv kameralari yozgan tasvirlarni kollej direktori, direktor o‘rinbosari va Islombek bilan birga ko‘rishganini keltirgan.
To‘laganovning ota-onasi Jasurbek shifoxonadaligida uni ko‘rish uchun kelib turishgan.
Islombekning onasi ko‘rsatmasi
Islombekning onasi Zumrat Mambetova (u ham advokat) o‘g‘lining aybdor ekanini inkor etmaydi. U o‘g‘liga bunday tarbiya bermaganini ta’kidlagan.
«Biz uni boshqacha tarbiyalaganmiz: «Hech kimga teginma», deganmiz. Mana endi bir oydan buyon o‘g‘lim haqida o‘ylamayapman. U endi qonun oldida qilgan ishi uchun javob bersin. Shu bolaga 10 kunlab qaraganim ham yo‘q... Biz faqat Jasurbek tuzalib ketishi uchun duoda bo‘ldik. U tuzalib, haqiqatni aytishini istagandik. Endi bu ish qonun doirasida ko‘rib chiqilishi kerak», — deya ko‘z yoshlarini tiya olmasdan gapirgan u.
Islombekning ota-onasi Jasurbekka tahdid qilishgani haqidagi gaplarni inkor etishgan. Jasurbekning onasi tomonidan yozilgan murojaatda Islomning otasi 5 may kuni kasalxonaga Jasurni ko‘rgani kelgani aytilgandi. Shundan keyin Islomning otasi Jasurbekka tahdid qilishidan qo‘rqib, uni bemorning oldiga kirishga qo‘yishmagani haqida xabarlar tarqalgandi.
«Biz u bilan bir daqiqa ham gaplashma olmadik. Hech qanday tahdid bo‘lmagan. Uning ahvolini, nima bo‘lgani haqida so‘radik», — degan Zumrat Mambetova.
U jurnalistlarning Islom hozir qayerdaligi haqidagi savoliga javob qaytargan. U o‘g‘li «telba» bo‘lib qolgani «chetga qochib ketgani» haqidagi taxminlarni inkor etgan.
«U hozir Toshkentda, o‘z uyida. Mushtlashuv vaqtida shunchaki kichik jarohat olgan» deb javob bergan.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Mambetovaning ko‘rsatmasida To‘laganovning ko‘rsatmasiga ziddiyat bor. U kuzatuv kameralari tasvirlarini so‘rab borganda voqea yuz bergan kuni videokameralar tasvirni yozmagani haqida javob olgan. Yuqorida yozilganidek, uning turmush o‘rtog‘i barcha tafsilotlarni kuzatuv kameralaridagi yozuvlardan olganini bildirgan.
Petisiya tashkilotchilari ma’lumoti
Matbuot anjumanida ishtirok etgan, Jasurbekning qotillarini aniqlab jazolash bo‘yicha aksiya tashkilotchisi, marhumning sinfdoshlaridan birining onasi bo‘lmish Tamila Ortiqovaning aytishicha, hodisa yuz bergan kuni Jasur sinfda navbatchi bo‘lgan, u axlat to‘kishga chiqqanida bu erda uni boshqa kollejdoshlari kutib turgan. Islom va Jasur urishib ketishgan, ularni kollejning 3-kursida o‘qiydigan Hurmat ajratgan. Yigitlar tarqalayotganda Jasur Islomning orqasidan yugurib kelgan, Islom esa o‘ng oyog‘ini ko‘targan va tirsagi bilan yuzini to‘sgan. Jasur uning oyog‘iga qorni bilan urilgan. Shundan so‘ng yigitlar erda yotgan Jasurni do‘pposlashgan.
IIBB ma’lumoti
Yig‘ilishda jurnalistlarga ma’lum qilinishicha, mazkur hodisa bo‘yicha tergov ishi Mirobod tuman IIBdan Toshkent shahar IIBBga o‘tkazilgan.
«Sud tibbiy ekspertiza xulosalari berilgan, Jasurning ahvoli og‘ir bo‘lgani bois bu ish cho‘zildi. Bizda tanatologiya bo‘limining 1 iyunda bergan tibbiy ekspertiza ma’lumotnomasi bor, unda Jasur Ibrohimovga qorin organlari jarohati, o‘n ikki barmoqli ichakning ko‘plab yorilishi, o‘ng buyrakning lat eyishi, o‘tkir travmatik xolesistit, o‘choqli pankreonekroz va peritonit tashxislari qo‘yilgan», Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev.
Ma’lum qilinishicha, qotillikka boshqa shaxslarning aloqadorligini aniqlash maqsadida kollejning yana 5 nafar o‘quvchisi so‘roq qilinmoqda: O‘lmas (2 kurs), Timur (3 kurs), Hurmat (3 kurs), Timur (2 kurs), Begzod (2 kurs). Shuningdek, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining harakatlari ham tekshirilmoqda.
Gumonlanuvchi shaxslar O‘zbekiston hududidan chiqib ketmasliklari uchun choralar ko‘rilgan.
Mirobod tumani IIB tomonidan holat yuzasidan 4 maydan boshlab tergov oldi tekshiruvi olib borilgan. Jinoyat Kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi bilan 31 mayda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin