05:19 / 16.06.2017
5 552

Shavkat Mirziyoyev: "El-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar nonko‘rlardir, ular bilan boshqacha ish olib boramiz"

Shavkat Mirziyoyev: "El-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar nonko‘rlardir, ular bilan boshqacha ish olib boramiz"
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Saudiyada o‘tkazilgan xalqaro sammit hamda unda ko‘tarilgan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalariga alohida to‘xtaldi. Bu haqda Kun.uz nashri yozmoqda.

"2016 yil oktyabr oyida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida o‘tkazilgan uchrashuvida O‘zbekiston tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini tuzish to‘g‘risida tashabbus ilgari surilgan edi.

Yaqinda Saudiya Arabistoniga safarimiz paytida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasida ayni shu masala bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti. - Mazkur bank prezidenti Bandar Hajar janoblari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, “Islom taraqqiyot banki – bu O‘zbekistonning banki”, deb aytdilar. Bu so‘zlar butun islom ummati, islom jamoatchiligining Imom Buxoriy yurtiga, uning avlodlariga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi ifodasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi".

Shu o‘rinda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan xalqaro sammitda katta-katta davlatlar, arab, musulmon mamlakatlari va AQSh rahbariyati bir fikrga alohida urg‘u berilgani, ya’ni jaholatga qarshi ma’rifat, ta’lim-tarbiyani kuchaytirish bilan kurashish zarur ekani ta’kidlangani qayd etildi.

"Bu fikrlar diniy masaladagi bizning yondashuvimiz bilan uyg‘un va hamohang ekani ayniqsa e’tiborlidir. Jumladan, AQSh Prezidenti Donald Tramp janobi oliylari ham shu borada aniq va konstruktiv takliflarni ilgari surdi", - deya Trampning so‘zlari keltirildi:

"Men Prezident sifatida Amerika xalqi va o‘z nomimdan kafolat beraman, biz terrorizm va ekstremizmga qarshi qattiq kurash olib boramiz, bu yo‘lda, qaysi din vakili bo‘lishimizdan qat’i nazar, barchamiz birlashishimiz zarur. Er yuzida tinchlikni saqlash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak".

Shunday ekan, bugungi kunda ijtimoiy-ma’naviy hayotimizni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz, buning uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishimiz shartligi ta’kidlandi. Chunki hozirgi vaqtda dunyo miqyosida hukm surayotgan tahlikali vaziyat, siyosiy va iqtisodiy inqirozlardan tashvishga tushmayotgan birorta davlat yoki jamiyat yo‘q.

"Ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migrasiya, odam savdosi, ekologik muammolar, ayrim mintaqalarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, qashshoqlik kuchayib borayotgani butun insoniyatni qattiq xavotirga solmoqda", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ana shunday o‘ta murakkab va qaltis sharoitda qanday yo‘l tutish, qanday qilib tinchlik va osoyishtalikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash mumkin, degan savol barchamizni jiddiy o‘ylantirishi zarurligiga e’tibor qaratildi.

"Ayniqsa, keyingi paytda turli mamlakatlarda sodir etilayotgan terrorchilik harakatlarining ijrochilari qatorida millatimizga mansub kimsalar ham borligi xalqimizda afsus va nadomat uyg‘otmoqda.

Tinchlik va osoyishtalikni, insoniylikni hamma narsadan ustun qo‘yadigan xalqimiz bunday shaxslarni, ularning qilmishlarini keskin qoralaydi. Ularni o‘zbek degan nomga nomunosib deb hisoblaydi.

Hozirgi vaqtda yoshlar, ayniqsa, chet elda ishlab, halol mehnat bilan daromad topaman, deb yurgan fuqarolarimiz terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolmasligi uchun biz barcha choralarni ko‘ryapmiz.

Avvalambor, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beryapmiz. Bizning maqsadimiz ular bilan raqobat qilish emas, balki hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, umumiy muammolarni birgalikda echishdan iborat.

Shu maqsadda, mana, Turkmaniston va Qozog‘iston Respublikasiga qisqa muddatda ikki marta tashrif bilan bordik. Rossiya Federasiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Saudiya Arabistoniga tashriflarimiz ham samarali bo‘ldi.

Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi chog‘ida mehnat migrasiyasi bo‘yicha muhim kelishuvga erishdik. Bizning bu boradagi pozisiyamiz aniq: odam qayerda bo‘lsa ham ishlashi, oilasi, bola-chaqasini boqishi kerak. Lekin u halol mehnat qilishi, qonuniy yo‘l bilan daromad topishi lozim. Buning uchun davlatimiz barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor.

Ammo yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmasdan, egri qadam bosadigan, el-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar – ularni nonko‘r desak, to‘g‘ri bo‘ladi – bunday shaxslar bilan boshqacha ish olib boramiz. Buyuk shoirimiz Zahiriddin Muhammad Bobur aytganidek, “Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur, Har kimki jafo qilsa, jazo topqusidur”, - deya fikrini yakunladi davlat rahbari.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: "El-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar nonko‘rlardir, ular bilan boshqacha ish olib boramiz"