Toshkentda kesarcha kesishdan so‘ng og‘ir ahvolga tushgan ayol ishi tekshirilmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkent shahrida 2026 yil 24 aprelda 9-son tumanlararo perinatal markaziga murojaat qilgan fuqaro M.M.da epidural og‘riqsizlantirishdan so‘ng arterial qon bosimi keskin pasayib, yurak faoliyati to‘xtagan.
- Shifokorlar tomonidan yurak-o‘pka reanimatsiyasi o‘tkazilib, kesarcha kesish amaliyoti bilan tirik o‘g‘il chaqaloq dunyoga keltirilgan, ammo ayolda yuqori spinal blok, qon bosimining pasayishi va gipoksiya kuzatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Uchtepa tumanida kesarcha kesish amaliyotidan so‘ng og‘ir ahvolga tushgan ayol olti oydan buyon koma holatida ekani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro M.M. 2026 yil 24 aprel kuni homiladorlikning 38-haftasida qorin pastki qismi va bel sohasidagi kuchli og‘riqlardan shikoyat qilib, Toshkent shahar 9-son tumanlararo perinatal markaziga murojaat qilgan. U tug‘ruq bo‘limiga yotqizilgan.
Tug‘ruq jarayonida ayolga epidural og‘riqsizlantirish amaliyoti o‘tkazilgan. Shundan so‘ng uning arterial qon bosimi keskin pasayib, periferik pulsi aniqlanmagan va yurak faoliyati to‘xtagan.
Shifokorlar zudlik bilan yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazgan. Yurak faoliyati tiklanganidan keyin kesarcha kesish amaliyoti bajarilib, tirik o‘g‘il chaqaloq dunyoga keltirilgan.
Ayolda yuqori spinal blok, qon bosimining pasayishi va gipoksiya — organizmda kislorod yetishmovchiligi kuzatilgani sababli u uzoq muddat sun’iy o‘pka ventilyatsiyasida qolgan.
Bemor 24–27 aprel kunlari perinatal markazning jonlantirish bo‘limida davolangan. Keyinchalik reanimobilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroreanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘tkazgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam amaldagi milliy klinik protokollarga muvofiq amalga oshirilgan. Boshqarma yuzaga kelgan yuqori spinal blokni kam uchraydigan anesteziologik asoratlardan biri sifatida baholagan.
Shu bilan birga, hodisaning barcha holatlariga huquqiy baho berish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






























Izohlar 0
…