00:24 / 22.06.2017
8 839

Qo‘qon yo‘lida halokatdan qutqargan arvoh

Qo‘qon yo‘lida halokatdan qutqargan arvoh
Yunus mashinasida Qo‘qonga yaqinlashar ekan, yo‘l yaqinroq bo‘lishi uchun postga etmasdan ancha beriroqda chapga burildi. Shunday qilsa vaqtdan ham, yo‘ldan ham yutadi. Hech qancha yurmasdan chiroq nurida uzoqdan oq sharpa ko‘rindi. Yunus har ehtimolga qarshi tezlikni kamaytirdi. 20 qadam qolganda oq ko‘ylakli ayol qo‘l ko‘tardi. Yunus qarasa, yo‘l chetidagi tutlar ostida, suvsiz ariqda bir yigit yotibdi, hamma joyi qon. Sal narida pachoq velosiped, kimdir mashinasida urib yuborgan-u, o‘zi qochib ketgan ko‘rinadi.
Yunus tezda tushib salom berarkan, yigitchani mashinasiga oldi. Yo‘lni shahar tez tibbiy bo‘limi tomon soldi.
-Opa, nima bo‘ldi o‘zi? — ko‘zgu orqali savol berdi yigit. Ammo ayolning oqargan yuzlari shunday ayanchli ediki, savolni eshitmadi chog‘i, yigitga e’tibor qaratmadi. Barmoqlari esa tinmay o‘g‘lining sochlarini silardi.
Kasalxonaga etib kelishguncha gaplashmadilar. Tez tibbiy yordamda yigitni nosilkaga solib ichkariga olib kirisharkan, Yunusni koridordagi ikkinchi kabinetga olib kirib, so‘roqqa tutishdi.
— Men tanimayman-da bu yigitni, ana onasidan so‘ranglar.
— Onasi?! — ajablandi navbatchi hamshira. — Qani u?
— Hozir chaqiraman, — Yunus shunday deya koridorga chiqdi. Ayol ko‘rinmadi. Mashinada hushidan ketdimikan, deya tashqariga chiqdi. Mashinasida hech kim yo‘q. Qaytib kirdi-da, bemorni nosilkaga olgan oq xalatli yigitga uchrashdi.
– Aka, boyagi opa qani, bu yigitni nosilkaga olishgan opa?
— Ie, men bilmadim. Ikkalamiz ko‘tardik-ku!
Yunusning eti jimirlab ketdi. Go‘yoki chumolilar galasi badanidan yurayotgandek. “Qanaqasiga ko‘rmaydi? Axir uchchalamiz ko‘tarib oldik-ku, nosilkaga?”
Shu payt yoniga bir hamshira yaqinlashdi. Yunusni qo‘lidan tutib qolarkan, so‘radi:
— Tuzukmisiz aka, mazangiz qochdimi? Qani bu erga o‘tiring-chi… Manavi ukangizning telefoni, cho‘ntagidan chiqdi.
Yunus sergaklandi. Telefonni olib, raqamlarni qaray boshladi. “Soli tog‘am” deganiga chaqiruvni bosdi. Narigi tomon chaqiruvni tez qabul qildi.
— Alo, ha Alisher qalaysan?
— Soli aka, men Alisher emasman. Alisherni kasalxonaga olib keldim. Shahar tez tibbiy bo‘limiga. Xozir kelolasmi, uyidagilarga ham xabar berish kerak.
— E, Xudo, tinchlikmi, o‘zi yaxshimi? Xo‘p, hozir pochchamni olib boraman.
— Ha, xavotir olmang, hozir bexush yotibdi. Ammo ahvoli qo‘rqinchli emas ekan, — tavakkaliga yolg‘on gapirib yubordi u.
Soli aka yonida bir otaxon bilan kelganda, bosh vrach chaqirgan qidiruv bo‘limi xodimlari ham etib kelishgandi. So‘roq-savollardan keyin voqea joyiga jo‘nashdi. Soli aka ham birga bordi.
Qidiruv bo‘limidagilar o‘z ishlarining ustalari ekan. Mashina faralari yordamida voqea joyini o‘rganishar ekan, qora rangli neksiya mashinasi urib ketganini aniqlashdi.
Bu gaplardan keyin Yunusga shubha bilan qarayotgan Soli aka asta yaqinlashdi.
— Sizga rahmat Yunusjon! Opamdan qolgan yolg‘iz o‘g‘il edi. Siz bo‘lmaganingizda bilmadim nima bo‘lardi?..
— Soli aka, men hayron bo‘ldim. Meni bir opa to‘xtatgandi. Kasalxonagacha mashinamda bordi. Hatto, nosilkaga ko‘tarib olayotganimizda yordam berdi-yu, keyin suvga tushgandek g‘oyib bo‘ldi.
— Nahotki!? — angrayib qoldi Soli aka. Keyin tutila-tutila so‘radi: — K-k-ko‘rinishi… ko‘rinishi q-qanaqa?
— 50 yoshlarda, oq ko‘ylakli opa edi. Ha esimga tushdi, bo‘ynida va bir qo‘lida qizil norga o‘xshash izlar bor edi. Agar bu ayol bo‘lmasa, ariq ichidagi yigitni ko‘rmay o‘tib ketardim.
— Yo qudratingdan! — Soli aka nara tortib yubordi. — Aynan o‘zi… o‘sha… o‘sha mening rahmatli opam…
Endi qidiruv bo‘limidagilar ham angrayib qolishdi. Bittasi sal o‘ziga kelib savol berdi:
— Opangizga nima bo‘lgandi?
— Opam o‘tgan yili qarindosh-urug‘lar to‘planib sumalak solayotganimizda qozonga tushib ketgandi. Faqat bitta qo‘li va tomog‘idan tepasi qozonga botmagan, boshqa joylari pishib qolgandi.
Yunusni muzdek ter bosdi. Bu voqeaga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay qolgan yigitlar, mashinaga o‘tirishdi-da shaharga jo‘nab ketishdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘qon yo‘lida halokatdan qutqargan arvoh