Uch nafar o‘quvchi qiz janjali ortidan Andijonda sinf rahbari lavozimidan ayrildi

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi 11-maktabda uch nafar o‘quvchi qiz o‘rtasida janjal yuz berdi. Voqeadan so‘ng sinfdagi vaziyatni nazorat qilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sinf rahbari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, hodisa 13-oktyabr kuni soat 14:00 atrofida, tanaffus vaqtida sodir bo‘lgan. Uch nafar o‘quvchi qiz o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqib, janjalga aylangan.
Mazkur holat yuzasidan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, profilaktika inspektori, maktab rahbariyati hamda o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida muhokama o‘tkazilgan.
Suhbat yakunlariga ko‘ra, o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ushbu modda farzandlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha ota-onalarning majburiyatlarini bajarmaslik bilan bog‘liq.
Shuningdek, sinfdagi muhit va o‘quvchilar xatti-harakatlarini nazorat qilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sababli sinf rahbari Sh.N. egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.































Izohlar 0
…