Toshkentda issiq suv sifati yuzasidan shikoyatlar ko‘paydi

Toshkentda issiq suv sifati yuzasidan shikoyatlar ko‘paydi

Toshkentning Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida yashovchilar issiq suvdan noodatiy kimyoviy hid kelayotgani va uning sifati yuzasidan shikoyat qilmoqda. Holat bo‘yicha suv namunalari olinib, laboratoriya tekshiruvlari boshlangan. Bu haqda “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi ma’lum qildi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, fuqarolardan murojaatlar kelib tushgach, mutaxassislar zudlik bilan joylarga chiqib, issiq suvdan namunalar olgan. Ular kimyoviy-bakteriologik hamda organoleptik tahlillardan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar yakunlangach, natijalar jamoatchilikka e’lon qilinishi bildirilgan.

“Veolia Energy Tashkent” izohida kompaniya issiqlik energiyasi va issiq suvni turar joy binolarining yerto‘lasigacha yetkazib berish hamda taqsimlash bilan shug‘ullanishi qayd etilgan. Mazkur hududlarga tarmoq suvini esa tashqi yetkazib beruvchi — “Toshkent Issiqlik Elektr Markazi” AJ uzatadi.

Shuningdek, suv sifati bilan bog‘liq ma’lumotlar yetkazib beruvchi korxonaga yuborilgan. Texnologik jarayonni me’yorlashtirish va magistral tarmoqlarni yuvish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish rejalashtirilgan.

Kompaniya vaziyat nazorat ostida ekanini va suv ta’minoti sifatini me’yorlashtirish uchun yetkazib beruvchi bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilayotganini bildirgan.

Hozircha laboratoriya tekshiruvlarining yakuniy natijalari e’lon qilinmagan. Shu sababli suvdan kelayotgan hidning sababi va uning inson salomatligiga ta’siri haqida hozircha aniq xulosa chiqarish mumkin emas.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar