Toshkentda 100 ta jamoat hojatxonasi quriladigan manzillar ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahrining 12 ta tumanida 100 ta yangi jamoat hojatxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ularning joylashuvi bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 23 oktyabrdagi qarorida belgilangan.
Yangi sanitariya-gigiyena shoxobchalari davlat-xususiy sheriklik asosida, soddalashtirilgan tartibda tashkil etiladi. Loyihalar uchun ajratilgan yer uchastkalari tadbirkorlarga 10 yilgacha muddatga berilishi mumkin.
Hojatxonalar qaysi tumanlarda tashkil etiladi?
Tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, yangi shoxobchalar tumanlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
Bektemir — 2 ta;
Mirzo Ulug‘bek — 8 ta;
Mirobod — 10 ta;
Olmazor — 9 ta;
Sergeli — 5 ta;
Uchtepa — 10 ta;
Chilonzor — 6 ta;
Shayxontohur — 12 ta;
Yunusobod — 12 ta;
Yakkasaroy — 4 ta;
Yangihayot — 12 ta;
Yashnobod — 10 ta.
Qaysi manzillarda paydo bo‘ladi?
Jumladan, yangi shoxobchalarni Qo‘yliq metro bekati orqasida, «Kompas» savdo markazi avtoturargohi oldida, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i avtoturargohida, «Oloy» dehqon bozori yaqinida, Xotira maydonida hamda Turon va Mashinasozlar metro bekatlari atrofida tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, shoxobchalar poytaxtning ko‘plab ko‘chalari, turarjoy mavzelari, bozorlar, tibbiyot va ta’lim muassasalari yaqinida joylashtiriladi.
Qarorga muvofiq, yangi obyektlarni tashkil etishda shaharsozlik me’yorlari va qurilish qonunchiligi talablariga rioya qilinishi kerak. Yer uchastkalarining aniq chegaralari kadastr hujjatlari yoki tegishli chizmalar asosida belgilanadi.






























Izohlar 0
…