14:54 / 27.06.2017
6 420

Farg‘onada qariyb 3 mlrd so‘mni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan soxta “lizing”chilar ushlandi

Farg‘onada qariyb 3 mlrd so‘mni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan soxta “lizing”chilar ushlandi
Firibgarlikka mukkasidan ketgan, bir necha bor sudlangan, jazoni o‘tagandan keyin ham birovlarni laqillatib, pullarini shilib yurishni davom ettirgan Mahliyo Yursinova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va uning “ustozi” – otasi Saydullo Yursinov, norasmiy turmush o‘rtog‘i Teshaboy Tursunov, “shogirdlari” Razzoq Sheraliev, Akmal Zaripov, Ergan Batiralievga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rildi, deb yozadi “Kun.uz” nashri.

Asli marg‘ilonlik, Farg‘ona shahrida yashovchi M.Yursinova otasining “ilmi”ni obdon o‘zlashtiradi. Xolis xizmat qiluvchi, birovlarning dardiga “malham” bo‘luvchi, mushkullarini oson qiluvchi “farishta” rolini qiyomiga etkazib o‘ynaydi. 2013 yil iyul oyida uning “qarmog‘i”ga fuqaro N.Soipova ilinadi.

- Bankda o‘n besh million so‘m pulim bor, - deydi M.Yursinova. – Naqd pul kerak bo‘lib qoldi. Agar kelishsak, naqd pul bersangiz, bir yarim barobar ustamasi bilan hisob raqamingizga tushirib qo‘yaman.

N.Soyipova unga ishondi va 7 mln. 735 ming so‘m naqd pulni firibgarga keltirib beradi. Va’daboz esa suvga tushgan toshday g‘oyib bo‘ladi.

Qirq yoshni qarshilagan firibgar ayol tap tortmay, birovning boshiga tushgan kulfatdan ham foydalanadi. Rossiya Federasiyasida qamalib qolgan o‘g‘lini chiqarib olish ilinjida yurgan O.Sharipovga “yordam qo‘li”ni cho‘zadi. Tanish advokatlarni yollab, 10 ming AQSh dollari evaziga o‘g‘lini xorijdan olib kelishga ishontiradi. Shu tariqa uni aldab, qo‘lga kiritgan 3900 AQSh dollari va 17 mln. 560 ming so‘m pullar evaziga “tadbirkorlik” faoliyatini boshlaydi.

Norasmiy turmush o‘rtog‘i Teshaboy Tursunov rahbarligida “Farg‘ona Jahongir Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qiladi. MChJni tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazgach, Farg‘ona dehqon bozoridagi tadbirkorlardan biriga tegishli savdo do‘konini ijaraga olib, “ofis”ga aylantiradi. So‘zamol, epchil tanish-bilishlariga 300-700 ming so‘mdan ish haqi va’da qilib, norasmiy ishga qabul qiladi. Har xil rusumdagi avtoulovlarning rangli suratlari, avtolizingga avtomobil xarid qilish taklifi, MChJning telefon raqamlaridan iborat reklama banneri, plakat va bukletlar gavjum joylarga, avtobus va yo‘nalishdagi taksilarga tarqatiladi. MChJning norasmiy rahbari M.Yursinovaning otasi, muqaddam bir necha bor sudlangan S.Yursinov esa og‘zaki reklamani keng yo‘lga qo‘yadi. Lizingga turli rusumdagi avtoulovlarni xarid qilib olish taklifiga ko‘zi tushgan, eshitib-bilganlar ofisga oqib kelaverishadi.

“Ishboshi” va “shogirdlar” ofis ham ikir-chikirlarigacha puxta o‘ylab, jihozlashadi. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi yengil avtomobillarning rasmlari, bejirim divanu kursilar, ish stollaridagi kompyuterlar, ofis xodimlari har bir mijozning hurmatini o‘rniga qo‘yib, savollarga batafsil javob berishardi. Nisbatan qulay tuyulgan, avvaldan 25 foiz to‘lovli, avtoulov narxining 5 foizi miqdorida xizmat haqi olinadigan, qisqa fursatlarda etkazib berilishi “kafolatlangan” avtolizing shartnomalarining shartlari fuqarolarni ohanraboday o‘ziga jalb etaverdi. Xaridorlardan naqd pullar olinib, nazorat-kassa mashinasi cheki o‘rniga soliq idorasida hisobda turmagan, kompyuterda chiqarilgan soxta kvitansiyalar beriladi. MChJ ish yurituvchisi R.Sheraliev mijozlarni ishontirish maqsadida jamiyat ofisiga dastlabki, avtoulov narxining 25 foizi miqdorida to‘lovlardan yig‘ilgan pullarni navbatdagi xaridor bilan birga bankka borib, uning nomidan tegishli hisob-raqamiga topshiradi. Rasmiy diler korxonasiga yuz foiz o‘tkazilgan mablag‘ga olingan avtomobilni tantanali ravishda xaridorga topshiradi. Shu tariqa, dastlab har to‘rt nafar xaridordan yig‘ilgan to‘lovlar hisobiga bittadan, jami qirq nafar fuqaroga turli rusumdagi avtomobillar olib beriladi. Oldindan 25 foiz to‘lab qo‘ygan qolgan xaridorlarga avtomobillar yaqin o‘rtada topshirilajagini aytib, xotirjam qilishadi.

MChJning “ishboshisi” M.Yursinova otasi va norasmiy turmush o‘rtog‘i T.Tursunov bilan xaridorlardan yig‘ilgan naqd pul mablag‘larini legallashtirib olishga kirishadi. Farg‘ona shahridagi hovli-uylardan birini 400 mln. so‘mga sotib olishadi va M.Yursinovaning onasi nomiga rasmiylashtirishadi. Avtosalondan 184,5 mln. so‘mga 2 ta “Malibu” rusumli yengil avtomobil xarid qilishadi. Biridan T.Tursunov, ikkinchisidan M.Yursinova xizmat mashinasi tarzida foydalanishadi. Ko‘p o‘tmay, ikkinchi “Malibu”ni andijonlik xaridorga sotib yuborishadi. “Foyda”dan M.Yursinovaning otasi S.Yursinov ham bebahra qolmaydi. U o‘ziga avtosalondan “Kobalt” rusumli avtomobil sotib oladi.

S.Yursinov ofisga kelgan ikki nafar ayolga o‘zini hamdard qilib ko‘rsatadi. Ularga qizi orqali gaplashib, tergov hibsxonasida saqlanayotgan tanishlari bilan uchrashishlariga, narsa kiritib yuborishlariga yordam bermoqchi bo‘ladi. Kelasi kuni hibsxona xodimlariga 1000 AQSh dollari berish lozimligini aytadi. Ulardan olgan 6 mln. 500 ming so‘mni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.

Sud majlisida soxta avtolizing shartnomalari tuzib, 400 nafarga yaqin fuqaroning avvaldan 25 foiz to‘lov va 5 foizli xizmat haqi tarzida jami 2 mlrd. 937 mln. 517 ming so‘m pul mablag‘larini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan, go‘yo o‘z mablag‘lariga olganday, hovli uy va avtomobillar xarid qilib, jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni legallashtirishga uringan M.Yursinova, S.Yursinov, T.Tursunov, R.Sheraliev, A.Zaripov, E.Batiralievga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada qariyb 3 mlrd so‘mni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan soxta “lizing”chilar ushlandi