16:18 / 18.07.2017
15 280

Xorijdan olib kelinadigan mashinalar uchun bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirildi

Xorijdan olib kelinadigan mashinalar uchun bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirildi
Ma’lumki, chet davlatlardan import asosida olib kelinadigan tovar va boshqa moddiy boyliklar belgilangan tartibda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Shu qatori tovar sifatida olib o‘tiladigan avtotransport vositalari ham.

Amaldagi taomillarga ko‘ra, tovar sifatida olib o‘tiladigan avtotransport vositalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010 yil 19 noyabrda 2156-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror talablari asosida amalga oshirilardi.

Mazkur qaror talablari asosida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi yakuniga etgan avtotransport vositasi 10 kun muddatda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Ilgari buning uchun shaxslardan bojxona organi tomonidan taqdim etiladigan “Avtotransport vositasini olib kirish guvohnomasi” talab etilardi.

Shuningdek, erkin muomalaga chiqarilgan avtotransport vositasi 5 yil muddat doirasida egasi tomonidan o‘zga shaxsga foydalanishga, egalik qilishga berish yoki o‘zgacha ravishda o‘tkazish uchun tegishli hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilgandan va yangi guvohnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng, guvohnoma yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda esa dublikat olish uchun avtotransport vositasi egasining bojxona organiga yozgan arizasiga asosan taqdim etilishi ham belgilangandi.

Bu kabi tartib-qoidalarni soddalashtirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyatda ishtirok etayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga yanada yengilliklar yaratish, bu bilan tashqi iqtisodiy faoliyatga keng yo‘l ochish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 15 fevralda 2156-2-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan qarorning yuqorida qayd etilgan tartiblariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Qarorga asosan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tovar sifatida olib kirilayotgan avtotransport vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos hisoblangan guvohnoma bekor qilindi. Endilikda avvalgi guvohnoma emas, balki bojxona organi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy organlariga taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar kifoya bo‘ladi.

Shuningdek, erkin muomalaga chiqarilgan avtotransport vositalarini o‘zga shaxsga foydalanishga, egalik qilishga berish yoki o‘zgacha ravishda o‘tkazishda bojxona organi tomonidan hech qanday qo‘shimcha hujjatlar rasmiylashtirilmaydi. Mazkur holatlarda “Vaqtincha olib kirish” bojxona rejimi ostida olib kirilgan avtotransport vositasiga elektron ma’lumotlar qayta rasmiylashtirilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

Qolaversa, tovar sifatida olib kirilgan avtotransport vositasiga bojxona tomonidan har bir guvohnoma rasmiylashtirganlik uchun transport turiga qarab 25 evrogacha miqdorda undiriladigan bojxona to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 20 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 211-sonli qarori bilan bekor qilingan edi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qaror qabul qilinishi natijasida o‘tgan davrda qariyb 150 million so‘m pul mablag‘i viloyatda faoliyat yuritadigan tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlari ixtiyorida qoldirildi.

Joriy etilgan bu tartib-taomillar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bir qancha yengilliklar yaratish bilan birga, mablag‘, qolaversa, ularning qimmatli vaqtini ham tejash imkonini beradi.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorijdan olib kelinadigan mashinalar uchun bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirildi