19:37 / 02.08.2017
18 569

G‘azabga uchragan malika: Gulnora Karimovaning tarjimai holi

G‘azabga uchragan malika: Gulnora Karimovaning tarjimai holi
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatning Birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atdi: 3 trillion so‘m miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlik va mamlakat aktivlarini noqonuniy ravishda o‘zlashtirganlik yuzasidan, deb yozmoqda Sputnik nashri.

Gulnora Islomovna Karimova 1972 yilda Farg‘onada tug‘ilgan. 1988 yili Toshkentda yosh matematiklar akademiyasini tugatgan, 1994 yili — Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetining xalqaro iqtisodiyot bo‘limini bakalavr darajasini bilan tamomladi. 1992 yili Nyu-York shtati universiteti qoshidagi Moda texnologiyalari institutida tahsil oldi.

1996 yili u O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiyot institutining magistraturasini bitirdi, 2000 yili Garvard universitetida san’at magistri darajasiga ega bo‘ldi. 2001 yili Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida siyosiy fanlar doktori bo‘ldi, 2009 yili esa o‘sha erning o‘zida professor ilmiy darajasini oldi. 2006 yili Karimova Toshkent axborot texnologiyalari universitetida telekommunikasiyalar sohasida bakalavr darajasiga erishdi.

Siyosiy karerasi
1995 yil iyul oyida Gulnora Karimova O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida ish boshladi, vazir maslahatchisi lavozimini egalladi. 2003 yil sentyabridan 2005 yil apreligacha u O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi-elchi bo‘lib ishladi, bunga qadar Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi maslahatchisi edi. 2008 yil fevral oyida u O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Madaniy-ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlandi.

2008 yil sentyabr oyida Karimova BMT qoshidagi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili etib tayinlandi.
2010 yil yanvar oyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi etib tayinlandi va 2012 yil iyul oyi boshlarida u Ispaniyadagi O‘zbekiston elchisi vazifasini tark etdi.

Ijtimoiy faoliyati
Karimova faoliyati davomida O‘zbekiston va xorijda bir yarim mingdan ortiq loyihalarni tashkil etgan va o‘tkazgan «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» Fondining tashkilotchisi va vasiysi hisoblanadi.
Gulnora Karimova Fransiyada vakolatxona ochilishi munosabati bilan Luvrda o‘zbek dizaynerlari defilesini o‘tkazdi, Glazgoda esa o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasini tashkil etdi.

U bundan tashqari shaxsiy tashabbusi bilan boshqa fondlarni ham tashkil etdi. Bular onalik va bolalik masalalari bilan bog‘liq xayr-saxovat bilan shug‘ullanuvchi «Ayollar yig‘ini» tashkiloti, sut bezi saratoni bo‘yicha «Hayot uchun» assosiasiyasi, shuningdek asosan uzoq mintaqalarda aholiga manzilli yordam ko‘rsatuvchi, shuningdek viloyatlardagi fermer va tadbirkorlarga grant va imtiyozli kreditlar ajratuvchi «Mehr nuri» fondlaridir. Karimova tomonidan tashkil etilgan «Kelajak ovozi» iste’dodli yoshlar tanlovida 8 yil davomida butun respublika bo‘yicha 388 ming nomzod ishtirok etdi.

Karimovaning O‘zbekistondagi boshqa yirik loyihalari — sut bezi saratoni bilan kurashishga mablag‘lar yig‘ish uchun 2010 yildan boshlab Toshkent va mintaqalarda 100 ming ortiq ishtirokchilarni qamrab olgan «Hayot uchun» xayr-ehson marafon-forumi, xalqaro ishtirokchilar, madaniyat va san’at arboblarini qamrab olgan loyihalar — «Asrlar sadosi» ko‘chma an’anaviy madaniyat festivali, «ArtWeekStyle.Uz» loyihasi shular jumlasidandir. Bundan tashqari, u O‘zbekistonda «Oltin Gepard» Toshkent xalqaro kinoforumi va Teatr.uz Toshkent teatr festivalini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Karimova Ijtimoiy tashabbuskorlikni qo‘llab-quvvatlash fondi doirasida «uchinchi sektor» deb ataladigan ishtirokchilarni birlashtirdi. Ushbu fond faoliyati doirasida amalga oshirilgan loyihalariga O‘zbekistonning qurg‘oqchil o‘lkalaridan birida joylashgan ajralib qolgan mintaqaga trubalar o‘tkazish va ichimlik suvi bilan ta’minlash, shuningdek Farg‘ona vodiysining bir qancha shaharlarida isitish trubalarini o‘tkazish kiradi. 2011 yil sentyabrda Gulnora Karimova tashabbusi bilan mintaqalarda «axborot markazlari» orqali fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan va ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun kuchlarni birlashtiradigan «O‘zbekiston ijtimoiy mas’ul fuqarolari forumi» yaratildi.

Shaxsiy hayoti
1991 yil iyul oyida Gulnora dugonasining tug‘ilgan kunida AQSh fuqarosi bo‘lgan afg‘onistonlik etnik o‘zbek Mansur Maqsudiy bilan tanishdi va unga turmushga chiqdi. Nikohdan keyin Gulnoraning eri Toshkentdagi Coca-Cola kompaniyasi vakolatxonasining direktori lavozimini egalladi. Ushbu nikohdan 1993 yili Islom ismli o‘g‘li dunyoga keldi, 1999 yili esa qizi — Iman. 2001 yili nikoh buzildi, Karimova bolalari bilan birga Nyu-Jersidagi oilaviy uyidan ketdi.

Nikoh ajrimi jarayoni 2 yilga cho‘zildi. Amerika sudi Maqsudiyga bolalarga vasiylik huquqini berdi, Gulnoraga sobiq eriga bolalarni qaytarish talabini qo‘ydi va ularni ushlab turgani uchun sanksiya berdi. Bunga javoban O‘zbekiston hukumati Mansurni qalloblikda, soliqlarni yashirishda, juda katta miqdordagi pora olganlikda, mulkni o‘g‘irlashda va pullarni yuvishda aybladi va xalqaro qidiruvga e’lon berdi. 2008 yil 9 iyulda Nyu-Jersi shtati Oliy sudi sudyasi Den M. Vilson Gulnora Karimovaga ikkala farzandi uchun to‘liq huquqni qaytarishga qaror chiqardi.

2013 yildan so‘ng u ijtimoiy hayotda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi – OAVlar uning mamlakat rahbariyati qaroriga asosan uy qamog‘ida saqlanayotganligini ma’lum qildi.
To‘rt yil davomida u haqda hech qanday xabar bo‘lmadi. Ba’zi-ba’zida OAVlarda Gulnora Karimovaning o‘ldirilgani, zaharlangani yoki ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘lib turdi.

Nihoyat, bugun “Osiyo malikasi” taqdiriga oydinlik kiritildi – O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2015 yilda Karimovaga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganligini ma’lum qildi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uning nazorati ostidagi uyushgan jinoiy guruhning aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘azabga uchragan malika: Gulnora Karimovaning tarjimai holi