08:21 / 26.08.2017
5 549

Naftalanda paydo bo‘lgan mo‘jiza

Naftalanda paydo bo‘lgan mo‘jiza
Afsonalarga ko‘ra qadim zamonda Ozarboyjon yurtidan o‘tib borayotgan karvondagi bir tuya kasallik tufayli holdan toyib, yiqilib qoladi. Suvsirab, toliqqan jonivor o‘zini yaqin o‘rtada joylashgan balchiqli botqoqqa jon holatida tashlaydi. Karvondagilar tuyani botqoqdan tortib chiqarishni ortiqcha ish bilib, uni shu yerda tashlab ketishni ma’qul biladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, tuyasini botqoqda «unutib» qoldirgan o‘sha kishilar orqaga qaytar ekanlar, mo‘’jizaga guvoh bo‘lishadi. Ular o‘lar holatda tashlab ketgan tuya nafaqat tirik, balki baquvvat, bardam va tetik holda atrofni aylanib yurardi.

Keyinroq, dunyoda birinchi bo‘lib zamonaviy ko‘rinishdagi neft 1848 yilda Ozarboyjonda qazib chiqarila boshladi. Neft mavjud hududlarni o‘rganuvchi bir guruh nemis mutaxassislari 1868 yili bu o‘lkaning, bugunda Naftalan deb nomlanuvchi hududiga kelishadi. Garchi ular Naftalanda boy neft konlarini topishsada, ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. Zero, ular topgan neftda yoqilg‘i fraksiyalari mavjud bo‘lmagan. Boshqacha qilib aytganda, bunday neftni yoqilg‘i sifatida sotib bo‘lmasdi. Yaxshiki, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushayozgan nemis mutaxassislari tez orada Naftalanda topilgan neftning o‘ziga xos shifobaxsh xususiyatlarini kashf etishadi. Natijada, mazkur qora oltindan turli dorivor vositalar tayyorlash orqali mo‘may daromad qozona boshlandi.

Naftalan so‘zi ozarchada «neft olingan joy» degan ma’noni anglatadi. Bugungi kunda ushbu nom bilan yuritiluvchi shaharcha poytaxt Boku shahridan 350 kilometr g‘arbda joylashgan bo‘lib, dunyo miqyosida o‘zining shifobaxsh nefti bilan mashhurdir. Naftalan hududida qazib olinadigan suyuqlikning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, u «yosh neft» hisoblanib, o‘zida mujassam etgan foydali moddalar insonda uchraydigan 70 turdan ortiq kasallikka davodir. Umumlashtirgan holda shuni aytish mumkinki, Naftalan nefti quyidagi turdagi kasalliklarga davo hisoblanadi:

Teri kasalliklari
Bo‘g‘im kasalliklari
Asab kasalliklari
Mushaklar kasalliklari
Urologik va ginekologik kasalliklar

Naftalan shaharchasining aholisi asosan davolanuvchilar va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishadi. Hududda uchta katta mehmonxona-sanatoriylar joylashgan bo‘lib, ular «Chinor», «Qorabog‘» va «Kalaalti» mehmonxonalaridir. Ushbu mehmonxonalar xizmat ko‘rsatish saviyasiga ko‘ra besh yulduzli mehmonxona darajasiga ega.

Muallif «Chinor» mehmonxona-sanatoriysida davolash kursini o‘tagani tufayli, quyida ushbu jarayonga oid ba’zi muhim ma’lumotlar bayon etiladi.

Naftalan shaharchasi poytaxtdan ancha uzoqda, chekka hududda joylashgani tufayli u yerga ilk bor yo‘l olgan mehmon uchun manzilga yetib olishning eng maqbul yo‘li mehmonxonaning transfer xizmatidan foydalanishdir. Bunda mehmonni Boku shahrining Haydar Aliyev aeroportida kutib olishadi va 4 soat ichida manzilga eltib qo‘yishadi.

Mehmonxonaga yetib borib, joylashishingiz bilanoq, Ozarboyjon qonunlari talabiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tish jarayoni darhol amalga oshiriladi.

Ertalab soat 09:00dan boshlab sanatoriy poliklinikasida umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish boshlanadi. Poliklinikada qon va peshobning umumiy biokimyoviy tahlili, ultratovush tekshiruvi, elektrokardiogramma bepul amalga oshiriladi. Qonning gepatit B va C tahlili taxminan 5 dollar evaziga amalga oshiriladi. Tahlil natijalarini qo‘lga kiritgan davolanuvchi dermatolog, diyetolog, nevropatolog, urolog, ginekolog, stomatolog kabi shifokorlarning ko‘rigidan bepul o‘tadilar.

Shifokorlar ko‘rigidan o‘tish jarayonida mehmonning holatidan kelib chiqib, davolanish kurslari tayinlanadi. Muolajalarning asosini naftalan neftida vanna tashkil qilib, bu haqda quyida alohida fikr bildirmoqchiman. Vanna muolajasidan tashqari mehmonlar o‘z holatlarining taqozosidan kelib chiqib, 3 xil bepul fizioterapevtik amaliyotlarni tanlashi mumkin. Qolgan turdagi muolajalar esa pulli. Fizioterapevtik muolajalar juda ham xilma-xil bo‘lib, massajdan tortib, gidrokolonoterapiyagacha bo‘lgan amaliyotlarni o‘z ichiga oladi.

Naftlanga borgan inson asosan neftli vanna uchun boradi. Zero, qolgan turdagi muolajalarni boshqa joylarda ham topish oson.

Neftli vanna inson salomatligi uchun foydaligina emas, balki juda ham foydalidir. Neft tarkibida mavjud moddalar mikroblarga qarshi, yallig‘lanishga qarshi, og‘riqsizlantiruvchi va yoshartiruvchi xususiyatlarga ega. Asalning ozi yaxshi deganlariday, bu neft har qancha foydali bo‘lmasin, uni suiiste’mol qilish inson organizmida zaharlanish keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham, davolanuvchi ikki kunda bir marta har biri 10 daqiqadan uzoq bo‘lmagan vanna muolajasini olishi mumkin. Bunda mehmon 40 daraja issiqlikdagi neft to‘la katta vannaga tushib, 10 daqiqa yotadi. Neftdan tozalanish aslo muammo emas. Malakali xodim va zamonaviy tozalash vositalari badanning neftdan to‘la tozalanish imkonini beradi.

Odatda muolajalarning ijobiy ta’siri 3 yoki 4-vannadan keyin bilina boshlaydi. Bu vannaning yana bir jihati – uning ta’siri akkumulyativ xarakterga ega. Ya’ni, siz olgan 8—10ta vanna muolajasi davomida badaningizga singdirgan foydali moddalar 6 oy davomida tanangizda aylanib yuradi. Natijada, sanatoriydan qaytganingizdan keyin ham bir necha oy davomida odam o‘z sog‘ligidagi ijobiy o‘zgarishlarini kuzatishi mumkin.

Yuqorida nomi zikr qilingan mehmonxonalarda davolanishdan tashqari mehmonlarning mazmunli dam olishi va hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Uch mahal muhtasham (ishonavering, haqiqatdan muhtasham) shved stoli shaklida tashkil qilingan ovqatlanish, suzish havzasi, fin saunasi, turk hammomi, jonli musiqa, oqshom konsertlari, kinoteatr, diskoteka, katta tezlikdagi internet aloqasi hamda tabiat qo‘yniga tashkil qilinadigan ekskursiya-sayohatlar shular sirasiga kiradi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Naftalan o‘z sog‘ligini tiklab, o‘zi va asablarini dam oldirib, mazmunli sayohat qilmoqchi bo‘lgan insonlar uchun ayni muddaodir.

Iskandar Sattiboyev

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Naftalanda paydo bo‘lgan mo‘jiza