08:30 / 03.10.2017
5 837

O‘lim jazosi: kim qanday fikrda?

O‘lim jazosi: kim qanday fikrda?
Xalq hokimiyati, huquqiy tizim o‘rnatilgan deyarli barcha davlatlarda muhim qarorlar qabul qilinishidan avval referendumlar o‘tkaziladi, ijtimoiy fikr o‘rganiladi, masalaga fuqarolarning munosabati tahlil qilinadi.

Lekin shunday savollar borki, ularni omma e’tiboriga havola qilib bo‘lmaydi. Masalan, «Maoshlar oshirilishi kerakmi?», «Soliqlar kamaytirilishi lozim deb o‘ylaysizmi?» degan savollarni o‘rtaga tashlashdan mantiq yo‘q. Chunki javob tayin, garchi ko‘pchilikning bu boradagi fikri bir joydan chiqsada, baribir hukumat imkoniyatlariga ko‘ra va vaziyatdan kelib chiqib ish ko‘radi.

Ana shunday, ijtimoiy fikr o‘rganilganda so‘ralmaydigan savollardan, referendumda kun tartibiga qo‘yilmaydigan masalalardan biri bu «O‘lim jazosini yoqlaysizmi, yoki og‘ir jinoyat qilganlar oliy jazo sifatida qatl etish qo‘llanilishi tarafdorimisiz?» — degan savolni qo‘yishdir. Chunki mutlaq aksariyat odamlar mudhish jinoyat qilganlar o‘lim jazosiga hukm qilinishini yoqlab chiqishlari aniq.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham oliy jazo sifatida o‘lim jazosi butun umrlik yoki katta muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan. Umuman olganda, o‘lim jazosi insoniyat abadiy tortishib o‘tadigan, aniq to‘xtamga kelish qiyin bo‘lgan bahslardan biridir.

O‘lim jazosi — qonun tomonidan yo‘l qo‘yiladigan oliy jazo turi bo‘lib, og‘ir jinoyatlari uchun insonning qatl etilishi. O‘lim jazosi ijro etilayotgan vaqtda davlat tomonidan belgilangan vakillar ishtirok etishi va aynan ular qatlni amalga oshirishlari shart, aks holda bu jarayon qotillik deya baholanadi.

Hozirda dunyoning 130dan ortiq davlatida o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi. Lekin insoniyat borki, bu jazo turi ham mavjud. Butun dunyo huquqshunoslari baravar bu jazoga qarshi chiqqanlarida ham uning yo‘qolib ketishiga ishonish qiyin. Yildan-yilga kamayib borayotgan bo‘lsa-da, hali-hanuz ko‘pchilik davlatlarda o‘lim jazosi muntazam qo‘llanilib kelinadi. Bu davlatlar qatorida o‘zining huquqiy tizimi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishga harakat qiladigan AQSh ham bor. Yevropada esa aksincha, deyarli barcha davlatlar bu jazo turidan voz kechishgan. Lekin tarix nuqtai nazaridan bu jazoni eng ko‘p qo‘llagan va takomillashtirib, o‘ziga xos san’at darajasiga olib chiqqanlar ham aynan ko‘hna qit’a davlatlaridir.

Kamdan-kam tarixiy filmlar o‘lim jazosi sahnasisiz kechadi. Albatta ko‘rgansiz, baland sahn ko‘rinishida tiklangan qurilma (eshafot), unga o‘rnatilgan dor, bir chetda turgan kunda, niqob kiygan jallod va qo‘li bog‘lanib cho‘kkalab turgan mahkum. Pastda esa son-sanoqsiz olomon....

Bu anchayin insonparvar sahna ko‘rinishi. Film ijodkorlari ham tomoshabinda noxush hislar qoldirmaslik uchun ko‘proq shu ko‘rinishdan foydalanadilar. Lekin u davrlarda o‘lim jazosining usullari shu qadar ko‘p bo‘lganki, ularning nomini eshitiboq kishining eti junjikadi. Mahkumlar dorga osilgan, o‘tda yoqilgan, parchalab tashlangan, boshlari olingan, past olovda qaynatilgan, toshbo‘ron qilingan, tiriklay ko‘milgan, yirtqich hayvonlarga yem qilingan, qoziqqa o‘tqazilgan… Bular ham hammasi emas, mahkumning aybiga ko‘ra yanayam shafqatsiz usullar o‘ylab topilgan, yoki uning joni uzilgunga qadar bir necha usullar qo‘llanilgan.

U davrlarning o‘ziga xosligi shundaki, bizning nazdimizda og‘ir jinoyatlar deya baholanadigan qotillik, davlatga xiyonat qilish kabi qilmishlar uchungina emas, aksil diniy qarashlar, g‘alayon qilish, o‘g‘irlik, turmush o‘rtog‘iga xiyonat, harbiy xizmatdan qochish, shohni yoki tuzumni yomonlash, fohishalik va hatto arzimagan hazillar uchun ham o‘limga mahkum qilinib, hukm ham darhol ijro etilgan. Mahkum shaharlarning markazlarida, bozorlarda, umuman odamlar gavjum joylarda qatl qilingan va jazo har doim ham ming-minglab odamlar ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan. Qatl jarayoni ommaviy yig‘inlarga, xalq tantanasiga aylanib ketgan. Televizor, gazetalar kabi ommaviy axborot vositalari yo‘q davrlarda bu olomon uchun o‘ziga xos tomosha vazifasini o‘tash bilan birga boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan juda kuchli targ‘ibot vazifasini ham bajargan.

Zamonamizda bu jazo quyidagi ko‘rinishlarda mavjud:Bekor qilingan; oddiy sud amaliyotida bekor qilingan, lekin maxsus sud amaliyotlarida (masalan urush holatida) qo‘llanilishi mumkin; Qonun tomonidan bekor qilinmagan bo‘lsada qo‘llanilmaydi; Oliy jazo sifatida o‘lim jazosi qo‘llaniladi. Hozirda o‘lim jazosi belgilanganidan so‘ng ham hukm ijro qilingunga qadar ham ko‘p yillar o‘tib ketadi va ko‘pincha mahkumlar tabiiy o‘limdan vafot etishadi. O‘sha vaqt mobaynida mahkumga apellyatsiya berish imkoniyati beriladi va sud jarayoni bir necha marta qaytalanishi mumkin. Masalan, AQShning Jorjiya shtatida yashovchi Jek Oldermen xotinini o‘ldirgani uchun 1975 yilning 14 iyunida o‘lim jazosiga hukm qilingan, lekin oradan 33 yil o‘tibgina, 2008 yilning 16 sentyabrida qatl etilgan.

Bu jazo vositalari asrlar osha takomillashtirib kelingan. Hozirda rivojlangan va bu jazo bekor qilinmagan davlatlarda ko‘proq to‘pponchadan otish, gaz kamerasi, elektr stullar, o‘lim in’eksiyasi qo‘llaniladi. Aksariyat davlatlarda bu jazo qamoqxonalarda va maxsus belgilangan joylarda ijro etilsa Eron, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda hozir ham bu jazo ko‘pincha omma oldida amalga oshiriladi. Mahkumlar dorga osiladi, xaloyiq tomonidan toshbo‘ron qilinadi. Saudiya Arabistonida ko‘pincha jallod mahkumni cho‘kkalatib qo‘yib, qatl oldidan qilich bilan o‘lim raqsini ijro etadi. Eronda bu jazoga ayniqsa e’tibor beriladi. Xalq yaxshi tomosha qilishi uchun dorlar avtokranlarga baland qilib yasaladi va hatto toshbo‘ronda mahkumning joni tez uzilmasligi uchun olomonga o‘rtacha kattalikdagi toshlar otish tavsiya qilinadi. Iroq va Afg‘onistonning ayrim hududlarida osish usuli ko‘p qo‘llaniladi. O‘z davrida bu davlatlarning rahbarlari bo‘lgan Saddam Husayn, Najibullo kabi arboblar ham dorga osilgan.

Ko‘pchilik davlatlar amaliyotida davlat rahbarlari (prezident, podshoh yo qirol, bosh vazir) tomonidan o‘limga mahkum etilgan inson afv etilishi mumkin.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra quyidagi davlatlarda o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llanilgan: 1. Xitoy; 2. Eron; 3. Saudiya Arabistoni; 4. AQSh; 5. Pokiston.

O‘lim jazosi Angliyada 1969 yildan, Fransiyada 1981 yildan, G‘arbiy Germaniyada 1949 yildan, GDRda 1987 yildan, Ispaniyada 1975 yildan, Rossiyada 1996 yildan buyon qo‘llanilmaydi. Portugaliya 1867 yilda, Yevropada birinchi bo‘lib o‘lim jazosini bekor qilgan. Ko‘hna qit’ada bu jazoni hali-hanuz qo‘llab kelayotgan oxirgi davlat Belarusdir.

AQShda o‘lim jazosi o‘ziga xos tarixga ega. Hatto XX asrga qadar ham ko‘pchilik hududlarda sheriflar jinoyatchi deb hisoblagan odamlarini yakka o‘zlari o‘limga mahkum qilib shu ondayoq jazoni ijro etaverganlar. Hozirda ham turli shtatlar qonunlariga ko‘ra 5 xil usul - osish, otuv, elektr stuli, gaz kamerasi, o‘lim in’eksiyasi qo‘llanilishi mumkin. Qatl oldidan mahkumga oxirgi tamaddi imkoniyati beriladi va u xohlagan taomlar taqdim etiladi. Shuningdek, so‘nggi so‘zlar ham tinglanadi. Ijroni advokat, ruhoniy bilan birga mahkumning va u o‘ldirgan kishilarning qarindosh urug‘lari kuzatib turishlari mumkin. Be’manilikday tuyular, lekin qatl etiluvchi albatta sog‘lom bo‘lishi shart. Betob bo‘lsa, shifoxonada davolanadi va sog‘ayganidan keyingina hukm ijro qilinadi.

2009 AQShda turli usullar bilan 106 kishi qatl etilgan. Bu o‘lim jazosi qayta qo‘llanila boshlangan 1976 yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. 1994 yilda eng ko‘p — 328 marta jazo ijro etilgan. O‘lim jazosi hozirgi kunga qadar Yaponiya, Singapur, Malayziya, Shimoliy Koreya kabi davlatlarda ham qo‘llaniladi.

Xitoyda o‘lim jazosi nafaqat qotillik, balki iqtisodiy jinoyatlar uchun ham qo‘llaniladi va otuv usulida amalga oshiriladi. Ko‘pincha mahkumlar yangi yil oldidan yirik maydonlarda, omma oldida qatl etiladi. Hukm ijro etilganidan so‘ng mahkumning qarindoshlaridan o‘q uchun 9 yuan undirib olinadi. Agar qarindoshlar pulni to‘lashdan yoki mahkumdan voz kechsa, qatl etiluvchi o‘q pulini to‘lashi yoki shunga yarasha ishlab berishi lozim.

Maqolamiz boshida o‘lim jazosi qo‘llanilishi yakuni yo‘q bahslardan biri dedik. O‘lim jazosi tarafdorlari mudhish jinoyatga qo‘l urganlar bu dunyoda yashashga haqqi yo‘q, deb hisoblaydilar. Rossiyada bir ayol farzandining qotili butun umrlik qamoq jazosiga hukm qilinganida: «Men bir soliq to‘lovchi sifatida o‘z farzandimning qotilini butun umr boqib o‘tamanmi?», deya e’tiroz bildirgan. Bu jazoga qarshilar inson boshqa bir insonning hayotiga nuqta qo‘yishga haqqi yo‘q, aks holda bizning o‘sha qotillardan farqimiz qolmaydi, degan fikrni ilgari surishadi. Shuningdek, qatl jazo emas, qasosdir, qasos esa faqat haqdandur deya bong urishadi. Yana xato tufayli nohaqdan hukm qilinganlarda hech qanday imkoniyat qolmasligini ham bu jazo o‘rinsizligiga sabab sifatida ko‘rsatishadi.

Fakt:
Odamxo‘r Chikatilo qo‘lga olingunga qadar to‘qqiz nafar begunoh inson uning jinoyatlarida ayblanib, sud hukmi bilan otib tashlangan…

Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘lim jazosi: kim qanday fikrda?