21:16 / 08.10.2017
6 783

Qozog‘iston Atamboyevga javob qaytardi

Qozog‘iston Atamboyevga javob qaytardi
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston prezidentining mamlakat ichki ishlariga aralashuv bo‘yicha so‘zlarini nomaqbul va provokatsion, deb hisoblamoqda.

Shanba kuni Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev qo‘shni Qozog‘istonni respublika ichki ishlariga, xususan 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Qirg‘iziston prezidentligi uchun saylov jarayoniga aralashishda aybladi.

«Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atamboyevning 2017 yil 7 oktyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi rahbariyatiga tegishli bo‘lgan va Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bayonotlari munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qat’iy protest bildiradi va ikki do‘stona mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ularga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi», - deyiladi tashqi siyosat idorasi bayonotida.

Vazirlikdan ishonch bildirishlaricha, «Qirg‘iziston prezidentining saylovoldi maqsaddagi mas’uliyatsiz, provokatsion va yolg‘on bayonotlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va o‘zaro yordam aloqalariga zarar yetkaza olmaydi».

«Qozog‘iston tomoni qirg‘iz xalqi bilan an’anaviy ravishda birodarlik munosabatlarini rivojlantirish kursiga sodiq qolmoqda», - deya ma’lum qilishgan TIVdan.

Atamboyevning prezidentlik muddati 1 dekabrda tugaydi va konstitutsiyaga ko‘ra, u prezidentlikka yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi. Atamboyevning merosxo‘ri sifatida baholanayotgan nomzod Sooronbay Jeenbekovning asosiy raqiblaridan biri mamlakat sobiq bosh vaziri Omurbek Bobonov bo‘lishi kutilmoqda.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida sentyabr oyi oxirida diplomatik mojaro yuz bergandi. Bu Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Bobonov bilan uchrashgani tufayli ro‘y berdi. Bishkek Ostonani «xalqning tanloviga ta’sir o‘tkazish» va mamlakatning ichki ishlariga aralashishga urinayotganlikda aybladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qozog‘iston Atamboyevga javob qaytardi