15:15 / 04.01.2018
8 187

"Bir qizga bitta tuya almashamiz" (Hayotiy voqea)

"Бир қизга битта туя алмашамиз" (Ҳаётий воқеа)
Osmonga tutashib ketgan ko‘m-ko‘k dengiz, oppoq qumlar, sohillarga egilib turgan palma daraxtlari oh, oh, Marokashning sohillari "jannatga monanddir”. O‘zini turistik firma agenti, deb tanishtirgan marokashlik yigit ispan tilida qo‘pol aksent bilan Marokashning sohillarini menga shunday tasvirlardi. Men unga befarqroq bo‘lganimdan g‘azablanib, u yana Marokashni ta’rifini keltira boshladi. Men Malaga sohili bo‘yida oftobda toblanib uni tinglarkanman, “Balki borib ko‘rarman.”- degan xulosaga keldim. Malaga sohilining narigi tarafida shunday jannat bo‘lsa-yu, borib ko‘rmasam. Yana arzon narxga.

Turistik agent qarshimizdagi O‘rtayer dengizini kichik kemada 14 km yo‘l bosib o‘tsak, o‘zi hikoya qilgan yerdagi jannatga osongina yetib olishimni aytdi. Buning uchun menga Marokashga kirish vizasi kerak bo‘lar ekan. Kemadagi sayohat (borish-qaytish) esa atigi 25 yevroga tushadi. “Aslida-ku narxlar rosa osmon, ammo senga 25 ga tushirib beraman” - dedi marokashlik. Viza masalalarini esa pasportimni topshirsam o‘zi konsullikdagi tanishi orqali tekinga to‘g‘rilab berishi mumkin ekan. Agar, hujjatlaringiz yoningizda bo‘lsa, bugunoq rasmiylashtirishni boshlab yuborardim, dedi u.

Men bu taklifga rosti qiziqib qoldim. Omadim bor ekan indinga shanba, yakshanba o‘qish yo‘q. Bemalol Marokashni ham ko‘rib kelish mumkin. Yigit u yerda shopping ham qilish mumkinligi va narxlar ancha arzonligini bildirib, nafsimni qitiqlab qo‘ygandi. Ayniqsa, yoshlikda bunaqa sarguzashtlarga odam juda qiziqadi. Marokashning saxrolari-yu, tarixiy ko‘chalari va mazali oshxonasi haqida avvalam ko‘p eshitgandim. Bunaqa imkoniyatni qo‘ldan boy berish kerakmasdi. Tezroq unga hujjatlarni topshirib Mag‘ribga yo‘l olgim keldi. Shanba, yakshanba rejasini hal qilib juma kuni o‘qishga otlandim. Fakultetda qanchalik arzon sayohatga ilinganim haqida dugona va domlalarimga ham so‘zlab berdim.

Negadir domlamiz Rozaga meni bo‘lajak sayohatim yoqmadi. U avvaliga ishonmadi ham. “Hazilni qo‘ysangchi. Bo‘lishi mumkin emas, 25 yevroga kemada sayohat qilish, Marokash sohillari deysanmi? U g‘irt firibgar pulingni olib qochadi» - dedi. Men pulini sayohatdan so‘ng olishini aytganimizda u yana ajablandi. “Yo‘q , unga ishonma. U qizlarni Marokashga olib borib ikkita tuyaga alishib yuboradi. Odam savdosi haqida eshitmaganmisizlar? Ayniqsa sayohatchi yoki muhojir bo‘lsa uni hech kim izlamaydi, deb qul qilib sotib yuborishlari turgan gap. O‘zingni qullika topshirmoqchimisan?” Rozaning gaplaridan avvaliga rosa jahlim chiqdi. Kim boshiga uradi meni, ikkita tuyaga ham odam almashadimi?

Men Rozani gaplariga befarqlik qilib, sayohatni qoldirmaydigan bo‘ldim. Roza esa bu taklifga chuv tushmasligimni qayta-qayta takrorlardi. O‘shanda Olloh o‘zi bir asragan. Marokashlikning sohillari haqidagi ta’rifidan keyin men bu sayohatga qattiq qiziqib qolgandim. Lekin, Ollohning inoyati bilan shanba kuni yaqin dugonam meni Kordobaga (Ispaniya janubidagi shahar) taklif qildi. Bir guruh bo‘lib Arablardan qolgan tarixiy shaharchaga boradigan bo‘ldik. Marokash sohillari yana bir haftaga kutib turar, deya Kordobaga otlandik.

Keyingi haftada esa bor yo‘g‘i 25 yevroga butun bir Mag‘rib go‘zalligini va’da qilgan marokashlikni ko‘rmadim. Malagadagi o‘qishni tamomlab yurtimizga eson-omon yetib keldim. O‘shanda uning takliflari naqadar yolg‘onligiga aqlim yetmagan. Qolaversa qizlar nega sotilishini ham, yaxshi anglamagandirman. Bugun, o‘zimcha o‘ylab qolaman, yaxshiyam Olloh menga turistik agent bilan “yerdagi jannat”ga borishni nasib etmagan.

Odam savdosi qurboni bo‘lishim hech gap emasdi. Bu voqea sodir bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Balki, siz uchun bu oddiy tuyular, lekin men o‘sha paytda aldanib qolmaganimga Ollohga shukrlar aytaman. Shu o‘rinda boshqa yurtdosh dugonalarimga ham “jannatlar”ni izlab adashib qolmang deyman. Marokashga sayohat qilish esa bir kun nasib etar.
Zarinaning hikoyasini Dilbar oqqa ko‘chirdi

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Bir qizga bitta tuya almashamiz" (Hayotiy voqea)