23:20 / 17.01.2018
3 759

Hajv: "Qochoq yoxud mahallaning yulg‘ichi..."

Ҳажв: "Қочоқ ёхуд маҳалланинг юлғичи..."
«Falonchi» mahallasida afti koptokdek dumaloq, ko‘zlari qisiqqina, kulganda orqa kovak tishi ham «likillab» turadigan Oldi Qochdiyev 10 yildan beri mahalla raisi. Gap deganda astar-avrasini ag‘darib yuboradigan bu tekintomoqni mahallaning chivini ham chaqqisi kelmaydi. Shu mahalla raisi keldi-yu, har hafta pul yig‘iladi. Qanchadan-qancha mahalla ahlining po‘stagini quritay deganda, «Falonchi»ga To‘lagan Marhamatov degan bir bama’ni hotamtoy keldi-yu, bu bema’ni Qochdiyevning nafsiga «o‘lja» topildi. Uncha-munchani nazariga ilmaydigan «hazrati oliylari» Marhamatovni har ko‘rganda yetti emas, boshi yerga tekkuncha egilib salom beradi.

— I-ya, i-ya, To‘lagan aka, bormisiz, omonmisiz, shu sizni ko‘rsam quyoshni yerda ko‘rgandek bo‘lamanda, yuzingizdan nur yog‘iladi-ya. Endi mahallaning «rang-ro‘yi» o‘zingizga ma’lum, shuni bir oz o‘ziga keltirmasak bo‘lmaydi. Ishonganim sizsiz, bu qurimsoq mahalladoshlaringizni boshida danak chaqsangiz ham foydasi yo‘q.

Doim gapni shu yo‘sinda boshlaganidan kallasi g‘ovlab ketgan To‘lagan Marhamatov bu haybarakachining maqsadini bilib, so‘ragan pulini beradi-yu, tez ildamlab ishiga ketadi.

Endi gapni buyog‘ini eshiting. Marhamatovday saxiy odamdan olingan pul shunday xasis Oldi Qochdiyevning qo‘liga tushgach mahallaning kam-ko‘stiga ishlatilarmidi?! Ha, yo‘-o‘-q, bu gap quyosh sharqdan emas, g‘arbdan chiqadi, degan gapga teng-ku! Omon bo‘lgur Marhamatovning bir cho‘qishda pulini olgan bu tekintomoq ikkita sigir oldi, yana imoratini ham bitkazib olyapti. Nima emish, bu sigirlar mahalla uchun. Kimning sigiri sutdan qolsa, bemalol o‘sha sigirlarning sutidan sog‘ib ketaversinmish. Imorati esa mahallaning ko‘rkini buzayotgani uchun ta’mirlatib olmasa bo‘lmas ekan. Xudo saqlasin-u, bir zilzila bo‘lib, hovlisi qulab tushsa-chi? Yana deng, birovning ustiga qulasa, bo‘lmag‘ur mish-mishlar tarqab, mahallasining «obro‘» siga putur yetmaydimi?!

Bunday safsatalar mahalladagilarning joniga tegibmi, Qochdiyevga qarshi ming-ming rejalar tuzishdi. Ammo har doimgidek lov etib yonishdi-yu, puf etib o‘chishdi…

Kechasi bilan mijja qoqmay pul undirish uchun yangi bahona «kashf etgan» Oldi Qochdiyevning esa ko‘ngli terakdek o‘sib, erta tongdan birovning mushugini «pisht» demaydigan Mamasodiq akani karnayday ovozi bilan chaqirdi. Bu kamsuqum kishi ko‘chadan o‘tganda hatto mahallaning eng oldi akildoq itlari ham tek turib «chest» beradi. Hatto shu beozorni ham tinch qo‘ymay, bu tekintomoq saharlab darvozani taqillatdi. Tonggacha yurak azobidan nari borib, beri kelgan Mamasodiq aka kim deb o‘tirmay, arang darvozani ochdi. Ochsaki, o‘ziga nahangdek nigohlar qadalib turibdi. Otaxon bir seskandi-yu, o‘zidan 10 yosh kichik Oldiga o‘zi birinchi bo‘lib qo‘l uzatdi.

— Assalomu alaykum Oldi Qochdiyev, yaxshimisiz? Qani, marhamat ichkariga kiring.

— Yo‘q, meni sizlarga bekorchi vaqtim bormi?! Maqsadga o‘taman, eshiting. Kecha kirim-chiqim daftarimni ko‘zdan kechirsam, mahallada qurmoqchi bo‘lgan bog‘imizga yig‘ilayotgan pulga siz qo‘shilmabsiz. Bu qanday kalondimog‘lik. Nega odamlar indamay berganda, siz tixirlik qilyapsiz?

Qochdiyevning vajohatidan ham hayron, ham qo‘rqqan Mamasodiq aka boshini quyi solib, tushuntira ketdi:

— Ming bor uzr, biroq esingizda bo‘lsa, bir oy oldin eng kichik qizimni uzatdik. Shunda men mahalla komitetiga pul berolmasligim to‘g‘risidagi tushuntirish xatini bergan edim. Ular rozi bo‘lishgan edi-ku!

O‘ziga baqrayib turgan ko‘zlardan battar xunobi oshgan Oldi o‘shqira ketdi:

— Vijdoningiz bormi o‘zi? Ishning beliga tepib, besh yildan beri ketma-ket to‘y qilasiz. Bog‘ni uch yildan beri qurolmaymiz. Nima men o‘z uyimda bog‘ quryapmanmi?! Qarang, mahalladagilar betingizga gapirishmasayam, ortingizdan «Mamasodiq akaning shoxi bormi» degan pardali tanbehlar qilishyapti.

Mahalla raisining oxirgi gapidan hangu mang bo‘lib qolgan boyaqish lom-lim deyolmay qoldi. Axir mahalladoshlari «besh qizni ketma-ket uzatishning o‘zi bo‘lmaydi, qo‘ying, hadeb tixirlik qilsa, o‘zimiz yig‘ib beramiz», deyishmagan edimi?!

Shu payt To‘lagan Marhamatov o‘z shaxsiy mashinasida o‘tib qoldi. Qochdiyevning Mamasodiq akaga qo‘lini paxsa qilib bir nimalarni shang‘illayotganini ko‘rdi-yu, mashinani ular oldida to‘xtatdi. Uni ko‘rgan Qochdiyev esa bir yumalab boshqa insonga aylandi-qo‘ydi. Qo‘yib bersa, soyasiga ko‘rpacha solishga ham tayyor kishidek darrov qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mahalla hotamtoyi bilan so‘rasha ketdi. Yonida 60 yoshli Mamasodiq akaning mung‘ayib turganini ko‘rgan Marhamatov Oldiga «nima bo‘ldi?» deganday qosh ko‘tardi. Boyning qilig‘idan shoshib qolgan mahalla raisi, bir yutindi-yu, bechora cholning ahvolidan arz qila ketdi. Oldining navbatdagi diydiyosiga toqati yetmagan To‘lagan Marhamatov vaziyatni tushundi-da, otaxonga marhamat ko‘rsatib, bog‘ pulini o‘zi to‘ladi. Ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kkan Mamasodiq aka boyni uzundan uzun duo qildi. Shu bilan mahallaning bir g‘aribi Oldi nahangning domidan omon qoldi.

Mana shunday yig‘di-yig‘dilar suyak-suyagidan o‘tib ketgan mahalla ahli chidayolmay, Oldining ustidan arz qilishga kelishib olishdi:

— Yetar shuncha nog‘orasiga o‘ynatgani. Ikki yildan beri mashinaga pul yig‘aman. Endi olaman deganimda huddi sezganday la’nati Qochdiyev pulimni shilib ketadi.

— Nimasini aytasiz, har uyga tumshug‘ini tiqqanidan keyin kimda qancha pul borligini bilmasinmi bu iskovuch. Har oyning oxirida darvozam tagida hozir-u nozir. Oyligimga ko‘z tikmasa uyqusi qochadi. Bir safar oyligim kam, ro‘zg‘orimdan ortmayapti desam, qancha oylik olishimgacha aytib, hisob-kitob qilib berdi.

— Ha, endi jim turib bo‘lmaydi. Yetar! Uni raislikdan olmasak, bu ketishda xonavayron bo‘lamiz. Nimadir qilish kerak. Balki To‘lagan Marhamatovga hammasini ro‘y-rost aytib berarmiz. Axir Oldi shu kishining cho‘ntagidan «pul arig‘i ochgan-ku».

Shu payt mahalla norozilari g‘ozdek qaddini ko‘tarib o‘tayotgan Oldi Qochdiyevni ko‘rishdi-yu, mushukday pisib qolishdi. Hozirgina tish qayrab turganlar og‘izlariga qand solganday sayrab ketdi:

— I-ya, assalomu alayku-u-um Oldi aka. Tuzukmisiz?

— Issiqlarda charchamay yuribsizmi?

— Bizga xizmat yo‘qmi, aka?...

Mahalladoshlarining gapini nazar-pisand qilmaydigan bu lo‘ttiboz keyingi xarajat haqida og‘iz ochdi-yu, shitob bilan yo‘lini davom etdi. Mahalladoshlar esa og‘zini ochgancha qolaverdi.

Yana bir kuni Oldi mahalla ko‘chalarini tekislaylik deb, katta miqdorda pul yig‘moqchiligini aytganida ham hech kimsa lom-mim deyolmadi. Faqat ketganidagina ortidan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir dashnomlar, noroziliklar yog‘ildi. Har doimgidek «Bu safar dodini beramiz, u «zuluk»ning», «Qachongacha chidash mumkin, ortiq indamay turmaymiz», «Hali shoshmay tursin»… kabi gaplar har tomondan keldi-yu, yana har tomonga sochilib ketdi. Indamay pullarni yig‘ib olgan Oldi dimog‘ini chog‘ qilib, mahallaga quruq va’dalar berib, «qurug‘idan» yig‘ib yuraverdi.

Ammo bir safar mahalladagilar shu vaqtgacha bergan pullarini hisoblashdi-yu, boshlaridan hushlari uchdi. «Nahotki», «Yo, tavba», «Voy, shuncha pulim bor ekan-da» degan hayratlar olamni tutdi. Birdan hammalari bu pullarga nima qilishlari mumkinligini o‘ylay ketishdi. Kimdir uyimning tomini yopaman, desa, kimdir yangi mashina sotib olaman, derdi, yana kimdir er-xotin bo‘lib, tabiat qo‘ynida sayr qilamiz degan xayollarga berildi. Bu ularga kuch berdi chog‘i barchalari bir bo‘lib Oldidan pullarini qaytarib olishga jiddiy ahd qilishdi. Hammalari yig‘ilib, uning uyiga tankdek bostirib kelishayotgan mahal Oldining yon qo‘shnisi yugurib kelib, «Qochdiyev pullarimizni olib qochibdi», degan shum xabarni yetkazdi.
Nigina Hakimova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hajv: "Qochoq yoxud mahallaning yulg‘ichi..."