22:02 / 20.01.2018
6 659

Quyosh, yig‘la, osmon, aza tut, alp o‘g‘lonlari ketdi o‘zbekning...

Quyosh, yig‘la, osmon, aza tut, alp o‘g‘lonlari ketdi o‘zbekning...
Uch kundirki nafaqat Namangan ahli, balki butun o‘zbekistonliklar chuqur qayg‘uda. Shu yil 18 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyati “Chimkent-Samara” avtomobil yo‘lining 1068-kilometrida o‘zida 57 nafar yo‘lovchini jamlagan avtobusning yonishi natijasida halok bo‘lgan 52 nafar fuqarolarni o‘zbekistonlik, jumladan, aksariyati Namangan viloyati fuqarolari ekanligi aytilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi FVV bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha avtobus yo‘lovchilari bo‘lgan yigitlarning 20 nafari (ularning ikki nafari hayot) To‘raqo‘rg‘on tumanining Katta Qurama, “O‘zbekiston”, Bozorboshi va Shohidon mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida istiqomat qilib kelgan. 9 nafari esa Kosonsoy tumanining Chindovul va “Hurriyat”, 2 nafari Uchqo‘rg‘on tumanining Qo‘g‘ay mahallasi fuqarolari bo‘lgan.

Ayni kunlarda viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi va bir qator hamkor jamoat tashkilotlari mutasaddilari Aqto‘be fojiasida halok bo‘lganlarning xonadonlariga tashrif buyurib, musibatda qolgan oila a’zolarining qayg‘ulariga sherik bo‘lmoqdalar. Mutasaddilar marhumlar haqiga duolar qilish barobarida Prezidentimizning hamdardligi va ta’ziyasini ham yetkazishmoqda.

Bugun birgina To‘raqo‘rg‘on tumanining Katta Qurama mahalla fuqarolar yig‘inidagi o‘n xonadonga musibat birdaniga soya soldi. O‘n oila norg‘ul o‘g‘lonidan, oila boshidan, hali aqlini tanib ulgurmagan bolalar otasidan bevaqt judo bo‘ldi. Dilbandini halok bo‘lganiga hanuz ishonmayotgan onaizorlar, ko‘z yoshi oq oralagan soqolini yuvib tushayotgan otalar, yomon tush ko‘rayotgandek, ammo uyg‘onolmayotgandek, aql-hushini yig‘ib ololmayotgan kelinchaklar...

Ularning iztiroblarini so‘z bilan ifodalash juda qiyin.

– Qaniydi, vaqtni ortiga qaytara olsam, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanining Katta Qurama mahallasida yashovchi Jamilaxon Soliyeva, – shunda bolamni bag‘rimdan qo‘yvormagan, musofir yurtga ketishiga aslo yo‘l qo‘ymagan bo‘lardim. Yurak-bag‘rim yonib ketayapti, to umrimning oxirigacha bu olov so‘nmasa kerak. Qahramon (Abdumo‘minov) yakkayu yagona o‘g‘lim edi. Shu yili uni uylantirmoqchi edik, hali 24 ga ham to‘lmagandi. Bolaginam chimildiq ko‘rmay ketdi. O‘zga yurtdan rizq izlagan o‘g‘lonim bilan diydor qiyomatga qoldi. Onalarga aytar so‘zim: boringizga qanoat qiling, bolangizni olislarga yubormang, oxir-oqibat men kabi nadomat iskanjasida qolmang.

Mana shu mahallaning “Yangi hayot” ko‘chasida yashovchi Olimjon Sulaymonovni Katta quramaliklar yaxshi tanishar edi. 42 yoshli Olimjon haydov traktorini minar, shu kasbi orqasidan ro‘zg‘orini binoyidek tebratib kelayotgandi. Orzu-havaslari bir olam, umr yo‘ldoshi Muhabbatxon bilan birga guldek besh qizini yaxshi joylarga uzatishni niyat qilardi.

U bundan yigirma kunlar avval to‘ng‘ich qizini turmushga uzatdi. To‘y xarajatlari uchun birmuncha qarz bo‘lib qolgan Olimjon Rossiyaga borib, ikki-uch oy ishlab kelishga qaror qildi. 15 yanvar kuni yo‘l tadorigini ko‘rib, oilasi bilan xayrlashib, safarga otlandi. Ammo u qadrdon go‘shasi va yaqinlarini butunlay tark etayotganini, fojia sari ketayotganini bilarmidi?..

Bevalik libosini bevaqt kiygan ayol, kelinlik liboslarining taxi buzilmay turib otasidan ayrilgan qizning ohi ko‘kka o‘rlayapti...

– Bu fojia barchamizni chuqur qayg‘uga soldi, – deydi Katta Qurama MFY raisi Ahmadali Musaboyev. – Halok bo‘lgan yigitlarning bari norg‘ul, mehnatkash, bir-biridan yaxshi yigitlar edi. Afsus, umrlari qisqa ekan. Ammo o‘zimizga taskin izlash bilan xatoni to‘g‘rilay olmaymiz. Fojia yuz bergan kunlari Prezidentimiz Surxondaryo viloyatida edilar, o‘sha yerda turib ham bizga hamdardlik bildirdilar. O‘z navbatida bu fojianing ildizlari haqida ham haq gapni aytdilar: “Kechagi bo‘lgan falokat ham odamga ko‘p narsadan dalolat beradi. Xalqimiz oldida hali juda-juda qarzimiz ko‘p. Odamlarimizga sharoit yaratmaganimiz uchun ular begona yurtlarga borib, ish qidirib yurganlari, bu albatta davlatchilik, davlat rahbariyati nuqtai nazaridan hamma tizimdagi rahbarlarga, bu – eng katta xato va kamchiliklarimizni o‘z vaqtida qilmaganimizdan dalolat...”.

Mahallamizda 3115 nafar aholi bor, hozirda 76 nafar shaxslar noqonuniy ravishda chet davlatlarga ishlash uchun ketgan. Ularni oilalariga qaytarish, shu yerda ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rayapmiz. Tumandagi elektr stansiyasining qurilishida 50-60 foiz erkaklarimiz ishlashyapti. Lekin ba’zi yigitlarimiz malaka yetishmasligi, til bilmasligi sababli ishga qabul qilish chog‘idagi suhbatlardan o‘ta olishmagan.

Sabablar ko‘p, ammo ularning hech biri o‘zimizni oqlashimizga arzimaydi. Shunday imkon topaylikki, bironta ham fuqaro chet ellardan rizq izlamasin. Fojia, xatoning bundan ortig‘i bo‘lmaydi. Bu bizga asrlarga tatigulik xulosani bersin.

Inson hamisha yaxshi yashashga intiladi. Ammo ba’zan orzu-havaslar insonni yanglish yo‘lga boshlaydi. Bundan ham yomoni, xato qilganimizni boshimiz devorga tegib, ko‘zimiz ochilganidagina anglaymiz. Olov qamragan avtobus ichidan ko‘kka o‘rlagan qora tutun bilan birga ruhlari ham ko‘kka uchgan 52 yigitning dog‘ini endi bu sabablar yuva oladimi? Albatta, yo‘q. Biroq hushyor tortishimiz, bu omonat jonni asrashimiz, o‘z tuprog‘imizda o‘z rizqimizni qanoat bilan terishimiz uchun yetarli. Toki, yot ellarga rizq izlab ketib, ajal topgan yurtdoshlarimiz qismati barchamizga saboq bo‘lsin!
Ahmadjon Adashev,
Xayrullo Artiqov

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Quyosh, yig‘la, osmon, aza tut, alp o‘g‘lonlari ketdi o‘zbekning...