Devorning ham qulog‘i bor, degan naql necha ming yil oldin aytilganini bilmadim-u, ammo juda bugunbop chiqib qoldi. Hammadan ham hokimlarga qiyin bo‘ldi, hokimlarga! Bechoralar... Birovni dildan yayrab, xumordan chiqib so‘kolmaydi ham. So‘ksa — tamom, ertasi kuni internetda chiqib turibdi-da!
Hokim bo‘lganingdan keyin, qo‘ling qichib turgan payti birovning quloq-chakkasiga tortvorging keladimi? Keladi!
Yaqinda bitta hokim ukamizni rosa tanqid qilishdi. Sirdaryoning Sayxunobodidan ekan. Bechora bor-yo‘g‘i, uch-to‘rtta maktab direktorini turg‘izib qo‘yib, ikki-uch shapaloq uribdi, xolos. Nima bo‘pti, birortasi o‘lib qolmabdi-ku? To‘g‘ri-da, maktab direktori bo‘la turib, bayramga odam chiqarmapti. O‘rniga men bo‘lganimda urib o‘tirmasdim qo‘limni og‘ritib, tepardim...
O‘zingiz o‘ylang, paxtaga odam topib berolmay turganingizda, allaqaysi korxona yoki tashkilot rahbari aytganingizga ko‘nmasa, nima qilasiz?
Odamlarga hayronman. Biror majlisda o‘zbek tilining boy va cheksiz imkoniyatlarini ishga solib, samimiy so‘kinganingniyam ko‘risholmaydi. Hatto nechta uyatli so‘z ishlatganing-u, ularning qay biri qaysi so‘z turkumiga oidligi, qaysi kelishik va egalik qo‘shimlari bilan ishlatilguniga qadar tahlil qilib berishadi. Bekorchilar!
Tuzukroq so‘kishishni bilmagan hokim hokimmi? Menga qo‘yib bersa, hokimlar uchun so‘kinish bo‘yicha master-klass o‘tkazishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Qancha so‘kinsang — shuncha obro‘ying oshadi. Odamlar sendan shuncha qo‘rqadi. Alvastijon haqida multfilm qahramoni aytganidek, qo‘rqsin-da, qo‘rqsa — hurmat qiladi!
Lekin zamon o‘zgaryapti. Hozirgi hokimlarga juda-juda ichim achiydi. Hokim bo‘lsang-u, maza qilib yasholmasang. Ayshingni surib, qamchingni qarsillatib yurolmasang, dang‘illama uy qurib, inomarka mashina sotib ololmasang... Endi faqat ishlashing kerak. O‘zing hokimlik qilayotgan joyni obod qilishing, ish o‘rinlari yaratishing, investitsiya kiritishing, huzur-halovatdan voz kechishing kerak. Hammasiyam mayli, xunobing chiqib turganda birovni miriqib so‘kolmaysan.
Hokimlikning yukini hokim bo‘lganlar biladi. Bechoralar shu mansabga minaman deguncha, bunaqa so‘kishlardan qanchasini eshitishgan, bunaqa shapalog‘u tepkilardan qanchasini yeyishgan, axir? Nima, oldingi hokimlar so‘kishmabdimi? Berilgan topshiriqni uddalolmagan xodimlarni do‘pposlashmabdimi? Qiziq zamonlar bo‘lyapti-da! Majlisdagilarni bitta-ikkita so‘kib qo‘ysang, darrov jarima solishadi yoki ustingdan ish qo‘zg‘ashadi. Mayli, hokim to‘ra uchun to‘rt-besh million so‘m pul nima degan gap? Sadqai sar, to‘laydi o‘sha pulni. Faqat elga ovoza bo‘lganing ortiqcha. Ana shunisiga kuyaman.
Kuni kecha yana bir do‘stimiz majlisda bir tuman ahlini changitib so‘kdi. Chin yurakdan so‘kdi. Nima qilsin, bechora? Rosa jonidan o‘tgandir-da? Odamlar ham ja noinsof bo‘p ketishgan-da! Birovni haromi degan bilan haromi bo‘lib qolarmidi? Xuddi ayrim hokimlarni adolatli deb maqtagan bilan adolatpesha bo‘lib qolmagandek. Odamlar juda haddidan oshib ketishyapti. Xalq degan qo‘ydek yuvvosh bo‘lsa, ursang ham, so‘ksang ham qulluq qilib tursa... Tayyor ish topib bersang ham noz qiladi-da hozirgi yoshlar. Nima ikki yuz ming-uch yuz ming oylik teshib chiqadimi? Har qalay bir burda nonga qorning to‘yadi-ku? Albatta, zamonaviy mashina minishing, namunali uyda yashashing, restoranda to‘y qilishing shartmi? Bunaqa dabdabalar hokimga yarashadi, prokurorga yarashadi, soliqchiga yarashadi. Dehqonning bolasi bo‘lgandan keyin ketmon chopsa, hovlisining to‘rt tomoniga bo‘z tortib, ikkita cho‘p-oyoq masxarabozni chaqirib to‘y o‘tkazaversa, katta buvasidan qolgan chordevorda yashayversa asakasi ketadimi?
Hajga bormaysanlar, dedimi? Rossiyaga ishlagani yubormayman dedimi? To‘ppa-to‘g‘ri qiladi. Chunki u o‘z oti bilan hokim! Qo‘li ostidagilar o‘tir desa o‘tirishi, tur desa turishi kerak. Hokim rozi — Xudo rozi (O‘zi menga qolsa maqolni xuddi shu tarzda o‘zgartirgan bo‘lardim). Ehtimol, boshqa tumandan propiskaga o‘tib, hajga borib kelishni o‘ylaydiganlar ham chiqib qolar. Baraka topkurlar, hokim buvani norozi qilib, hajga borsalaring, bunaqa ziyoratning qabul bo‘lishiga garantiya yo‘q, vallohu a’lam. Hokimning ruxsatisiz ishlab pul topib kelish ham g‘irt noinsoflik. Xudo ko‘rsatmasin, yo‘lda biror korhol bo‘lsa, kaltak kimning boshida sinadi, bir o‘ylab ko‘rsalaring-chi? Hokimingizni gapga, malomatga qoldirib, xorijda ishlab topgan noningiz tomog‘ingizdan o‘tayotganda vijdon qurg‘ur sanchmaydimi?
O‘zi-ku, ejodkorlik qobiliyatim yo‘q. Yozg‘uvchilarni jinimdan battar yomon ko‘raman. Faqat, eks-hokim sifatida, bugungi hamkasblarimga ichim achiganidan qo‘limga qalam oldim. Biz-ku, bir paytlar davrimizni surib, o‘ynab-kulib, yig‘ib-terib oldik. Hozirgilarga qiyin bo‘ldi.
Baraka topkurlar, hokim zotiga oson tutmanglar. U bechora ham bundoq odamga o‘xshab yashasin. Bizning zamonamizda birortasining ketiga o‘xshatib tepsang ham, «Hokim buva, ming bor uzr, ketim oyog‘ingizga tegib ketdi, yomon og‘rimadimi? Uqalab qo‘yaymi?» deb qo‘l qovushtirib turishardi. Hozirgilarni bir og‘iz haqorat qilolmaydigan bo‘lib qolding.
Bir paytlar holvani hokim yeydi, kaltakni yetim yeydi, degan purhikmat maqollarimiz bo‘lardi. Bizam vaqtida shunaqa holvalarni yeganmizki, oh-oh-oh... Hozirgi bechora hokimlar holva tugul, bir luqma nonni ham chaynab yutolmaydigan bo‘lib qoldi.
Hammangizdan, hokimlikning achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan eks-hokim sifatida iltimos qilaman. Hokimlarga rahm qiling.
Jonkuyar Eks-hokim
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi