O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish sohada amalga oshirilgan ishlar tahlili va Milliy xavfsizlik xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni vakillari, hukumat a’zolari, shuningdek, MXX markaziy apparati va hududiy tuzilmalarining rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda alohida ta’kidlandiki, hamma zamonda har qanday davlatning eng asosiy vazifalaridan biri shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.
Aynan shuning uchun ham O‘zbekistonda mustaqillikning birinchi kunlaridan milliy xavfsizlik masalalari mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.
Xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, odam savdosi, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ vositalarining noqonuniy savdosi kabi transmilliy tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda ushbu vazifalarga alohida e’tibor qaratish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘tgan davrda Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston suverenitetini, mustaqilligini va hududiy yaxlitligini saqlash hamda himoya qilish ishlariga salmoqli hissa qo‘shgani qayd etildi.
Bu, ayniqsa, bizning yaqin va uzoq yon-atrofimizda ro‘y bergan turli inqirozlar, ayrim buzg‘unchi kuchlar tomonidan mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga urinishlar sodir etilgan juda og‘ir yillarda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Milliy xavfsizlik xizmatining faoliyati xolis baholangan holda, uning ayrim bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari faoliyati tanqid qilindi. Idoralararo hamkorlik, tezkor va qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, kadrlar bilan ishlash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari zamon talablaridan kelib chiqqan holda, Milliy xavfsizlik xizmatining tarkibiy tuzilishini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi. Maxsus xizmat doirasiga kirmaydigan vazifalar bilan shug‘ullanadigan, boshqa davlat tuzilmalari faoliyatini takrorlaydigan bo‘linmalarni tugatish, ayni vaqtda milliy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlarini ta’minlaydigan bo‘linmalarni mustahkamlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston taraqqiyotining Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizning barcha sohalari davr talabi asosida tubdan isloh etilayotgan yangi sharoitda Milliy xavfsizlik xizmatining yaqin kelajakka mo‘ljallangan ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmati davlatning huquq-tartibot organlaridan biri sifatida o‘zining kundalik faoliyatini mamlakatning barcha vazirlik va idoralari uchun asosiy faoliyat mezoniga aylangan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida tashkil etishi zarurligini alohida ta’kidladi.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasining “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqilishi va qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega. Qonunda MXXning asosiy funksiya va vazifalari belgilab beriladi va, eng muhimi, uning qabul qilinishi bilan mamlakat huquq-tartibot organlarining vakolat doiralari aniqlashtirib olinadi.
“Har qanday jamoa, jumladan, MXX ish faoliyatining samarasi ham kadrlar, birinchi navbatda, uning rahbar xodimlariga, ularning o‘z burchiga sadoqati, professional darajasi, mehnatsevarligi va yuksak mas’uliyatiga bog‘liq”, deb alohida qayd etdi Prezidentimiz.
MXX bo‘linmalari o‘zining vakolati doirasida xalqimizning muammolarini hal qilishga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish ishlariga yaqindan yordam berishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti MXX o‘quv yurtlarining rahbarlari va professor-o‘qituvchilariga yosh kadrlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakat qonunchiligi talablariga og‘ishmay rioya etish, turli sinovlarga chidamli bo‘lish, o‘z ustida muntazam ishlash va professional mahoratini uzluksiz oshirib borishga intilish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratishni qat’iy vazifa qilib qo‘ydi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi etib tayinlangani munosabati bilan Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Respublika Bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Ixtiyor Abdullayev Milliy xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi.
Milliy xavfsizlik xizmati va uning bo‘linmalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi