Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi hozirgi kunda jamiyatimizning jiddiy muammosiga aylanib ulgurgan to‘y paytida uy-jihozlarining kelin tomonga yuklanishi mavzusida o‘z fikrlarini bildirdi va buning oldini olishga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida #men_mebelsiz_kelin_olaman heshtegi ostida estafeta boshladi.
Estafeta haqida fikr bildirar ekan, u quyidagilarni ta’kidlaydi:
Bu estafetamiz hech qanday qonunchilikni buzmaydi va aksincha maqsadimiz milliy qadriyatlarimizni tiklash, davlat miqyosida olib borilayotgan kamchiqim to‘ylar qilish targ‘ibotiga o‘z hissamizni qo‘shish, yillab qiz boqib uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab katta qilgan oilalarning og‘irini yengil qilish va haqiqiy mard kuyovlar avlodini yetishtirishdan iborat.
Quyida estafeta haqidagi e’lonning to‘liq matnini keltiramiz:
#ESTAFETA #MEN_MEBELSIZ_KELIN_OLAMAN
Fayzbog‘da taniqli bir shoira opamiz anchadan beri hammani qiynayotgan, ammo ko‘p joylarda odatga aylanib ulgurgan mavzu – ya’ni kuyov tarafning kelinning oilasiga uyini jihozlashni yuklab qo‘yishi (yoki mebelni rad etmay, qiz tarafni bunga bilvosita majburlash) haqida kuyib-pishib yozibdilar.
Fikrlarini o‘qib, anchadan beri o‘ylab yurgan g‘oyamni zamon talabiga moslab taqdim etishga qaror qildim. Faqat buni fleshmob emas, #estafeta deb ataymiz. Sababini quyida izohlayman.
Ammo shu kungacha uylanib ulgurganlar va quyida aytilganidan boshqacha tartibda to‘y qilganlardan his-hayajonga berilib, bu yerda odamlarning dilini xira qilmaslikni va endi bunday yomon odatimizdan yiroq bo‘lishga harakat qilishni iltimos qilaman. Bu odatning asli bizda yo‘q ekanini bilmaganingiz sizning aybingiz emas va mana endi bilib oldingiz-ki, bu sizga keyingi ishlaringizga mas’uliyat yuklaydi.
Estafeta asosan do‘stlarimiz va bizni kuzatib boradigan barcha bo‘ydoqlar yoki bo‘ydoq farzandi bor ota-onalar orasida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar soni uchtadan oshganda estafetani boshlaymiz. Ammo bunga qiziqish bildirgan boshqalar ham ishtirok etishi mumkin.
Demak… 2018 yil davomida uylanishni yoki farzandini uylantirishni qasd qilgan foydalanuvchilar estafetaga qo‘shilganliklarini ma’lum qiladilar (o‘z ism-familiyalarini yozib yoniga «men_estafetaga_qo‘shildim» deb qoldirsalar kifoya). Va bu asosda ro‘yxat tuzib chiqiladi. Estafeta shartiga ko‘ra, to‘y kuni aniq bo‘lgach, shu post ostida yana bir marta izoh qoldirib to‘y sanasini hammaga ma’lum qilib qo‘yasiz! (shaxsiy dahlsizlik tarafdorlari to‘yning taxminiy sanasini (oyi yoki haftasi) ma’lum qilsalar ham kifoya qiladi)
To‘y kunlari ma’lum bo‘lgan ishtirokchilar orasida ro‘yxat yangilanadi va mutanosib ketma-ketlik tuzib chiqiladi. To‘yda kelindan bir dona ham mebel olmagan (gilam, parda va hokazolar ham kiradi) ishtirokchi estafetani o‘zidan keyingi odamga o‘tkazganini shu post ostida to‘y kuni yoki undan keyin bir hafta ichida ma’lum qiladi.
Xullasi kalom, estafetada ishtirok uch qismdan iborat:
1. Bu yil uylanishni yoki farzandini uylantirishni qasd qilganlar quyida ism-familiyasi va «MEN ESTAFETAGA QO‘ShILDIM» jumlalarini yozadi.
2. To‘y kuni aniq bo‘lganda bu haqida shu post ostida ma’lum qiladi.
3. To‘y kuni yoki to‘ydan keyin bir hafta ichida #mebelsiz_kelin olganini bildiradi va shu bilan estafeta to‘y kuni aniq bo‘lgan keyingi odamga o‘tib ketaveradi.
Haqiqiy mard yigitlar va ota-onalarni bu tadbirimizga taklif etaman!
Mardlik qo‘lidan kelmaydigan, bu estafetani hazil-mutoyibaga yo‘yganlarning, mazax qilganlarning izohlari o‘chiriladi!
Bu estafetamiz hech qanday qonunchilikni buzmaydi va aksincha maqsadimiz milliy qadriyatlarimizni tiklash, davlat miqyosida olib borilayotgan kamchiqim to‘ylar qilish targ‘ibotiga o‘z hissamizni qo‘shish, yillab qiz boqib uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab katta qilgan oilalarning og‘irini yengil qilish va haqiqiy mard kuyovlar avlodini yetishtirishdan iborat.
Uylanishni reja qilib, ammo mebelning xarajatlaridan xavotir olgan oilalarga eslataman: uy-jihozlarini Polsha yoki Italiyada chiqqanini emas, Toshkentda chiqqan hamyonbopini olsangiz olingki, ammo yigitlik g‘ururingizni (yoki farzandingizning yigitlik g‘ururini) toptamang! Kelin tarafga mebelni yuklab ularni zahmatga qo‘yish bu bizning qadriyatlarimizdan emas va siz buning oldini olishda o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin!
P.S. Bu yil to‘y qilish rejasi bo‘lsayu, lekin to‘y sanasi keyingi yilga belgilansa, zarar qilmaydi. Batahqiq, Allohning rejasi biznikidan yaxshiroq, U bilguvchi, biz bilmaymiz!
P.P.S. Bu yil emas, balki 3-4 yil ichida uylanishni yoki farzandini uylantirishni reja qilgan ishtirokchilar qatnashchi sifatida emas, balki estafetani qo‘llab-quvvatlash maqsadida #men_mebelsiz_kelin_olaman heshtegini quyida izoh sifatida yozib qoldirishingiz mumkin! Bunday ishni avval qilib ulgurganlarga esa #men_mebelsiz_kelin_olganman heshtegini taklif qilaman.
Qani ketdik! O‘zim boshlab beraman!
Manba: azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi