O‘zbek yigit va niderlandiyalik qizning milliy to‘yi (video)

Ba’zi uchrashuvlar tasodif emas, balki taqdirning chiroyli rejasi bo‘ladi. Tug‘ilgan kun munosabati bilan tasodifan uchrashib, bir-birini sevib qolgan niderlandiyalik Mariya va o‘zbek yigiti Husniddin endi hayot yo‘llarini birga davom ettirishga qaror qildi.
Ularning to‘yi esa ikki madaniyat uyg‘unlashgan, o‘zbekona an’analarga boy bayramga aylandi. Marosim milliy urf-odatlar asosida boshlandi.
Kelin ham, kuyov ham to‘yda milliy liboslarda namoyon bo‘lib, mehmonlarning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar o‘zbek milliy kiyimlari, taqinchoqlari va an’analarini katta qiziqish bilan qarshi oldi. Ular bunday to‘yni avval hech qachon ko‘rmaganini ta’kidlashdi.
Xorijlik mehmonlar uchun esa o‘zbek milliy raqslari namoyish etildi. Kuyovning o‘zbek do‘stlari ularga raqs harakatlarini o‘rgatib, mehmonlarni ham bayramga faol jalb qildi.
To‘y davomida ortiqcha marosimlar ko‘p bo‘lmadi. Biroq kelin-kuyovning birgalikdagi valsi mehmonlar uchun eng ta’sirli lahzalardan biriga aylandi.
Marosimning yana bir esda qolarli qismi — Shahloxonim boshchiligida o‘tkazilgan "kelin salom" bo‘ldi. Xorijlik mehmonlar uchun bu an’ana o‘ziga xos va qiziqarli taassurot qoldirdi.
To‘y yakunida esa «Yor-yor» qo‘shig‘i ijro etildi. Mehmonlar qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib, raqsga tushishdi, kelin-kuyov esa o‘zlariga atalgan bu go‘zal onlarni zavq bilan kuzatdi.
Shu tariqa, ikki xil madaniyat va ikki yurt vakillarini birlashtirgan to‘y o‘zbekona mehmondo‘stlik, milliy an’analar va samimiy muhabbat muhitida o‘tdi.






























Izohlar 0
…