14:30 / 08.02.2018
5 246

Sharqona urf-odatlar kushandasiga aylanayotgan xabarlar

Sharqona urf-odatlar kushandasiga aylanayotgan xabarlar
Demak, har xil uyali aloqa vositalari tarmoqlari o‘zlarining mijozlariga har kuni bir necha martalab yuborayotgan «tanishuv», «sevgi-muhabbat izhori», «sevgilingizga yuboring» va yana qandaydir balandparvoz hamda yoshlarni o‘ziga mahliyo qiladigan ma’lumotu xabarlarni yoki telefon raqamlar, manzillar to‘g‘risidagi SMSlarni go‘yoki oila qurish niyatida yurganlar, taqdiri taqdiriga bog‘lanmay turganlar, tengini topolmayotganlarga xolis yordam berayotgandek ko‘rinsa-da, aslida, buning aksi. To‘g‘ri, mazkur ishlarni qilayotganlar «Qanchadan-qancha yoshlar xizmatimizdan foydalanib, o‘zaro tanishib, oila qurdi», deyishi mumkindir.

Lekin bu bir bahona, xolos. Haqiqatda esa o‘sha xizmatdan foydalanib, oila qurganlar baxtli yashayotgani yo‘q. Ularning baxti lahzalik va o‘tkinchi. Ularda na ishonch, na o‘zaro hurmat bor. Eng yomoni, ana shunday SMSlar tufayli qanchadan-qancha oilalar ajrashib ketmoqda. Chunki oilali, bola-chaqali bo‘lganlarning ham tarbiyasi va axloq-odobi, xususan, o‘zining juftiga bo‘lgan sadoqat va vafosi zaifligi tufayli yoki oddiy ermak sifatida, boringki, qiziqish ustunlik qilib SMSda ko‘rsatilgan telefon raqamiga sim qoqishadi. Birinchi martada bu narsa oddiy qiziqish yoki ermak bo‘lishi mumkin. Lekin SMSda kelayotgan e’lonlar shu darajada jiloli bo‘lib, aksar o‘quvchilarni o‘ziga mahliyo qilmoqda. Natijada o‘quvchi mazkur SMSning zaharli to‘riga ilinib, alaloqibat uning ayanchli qurboniga aylanadi.

Chunki ba’zi oilalarda er-xotin oshkora yoki xufiyona, baribir, bir-birining telefonini tekshirishni odat qilgan. Bu odat bir kunmas-bir kun o‘zining salbiy natijasini ko‘rsatib, er-xotinning bir-biriga xiyonat qilayotganligi ma’lum bo‘ladi. Kimlardir «Ha, endi telefonda gaplashgan bo‘lsa, nima qilibdi, namuncha vahima qilasizlar, balki do‘stona muloqotda bo‘lgandir?» deyishi mumkin. Lekin mana shu taskin beruvchi so‘zlarning o‘zi kelajakda katta jinoyat bo‘lmish xiyonat, zino, oilaning buzilishi, farzandlarning tirik yetim qolishi va o‘nlab oilalarning quda-andachilik tufayli bog‘langan rishtalarini uzadi, qalblarni esa parcha-parcha qiladi. Qolaversa, bunday hayosiz, beparda e’lon yoki takliflarni mijozlarga tarqatish bizning sharqona urf-odatlarimiz, milliyligimiz va madaniyatimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Chunki bunday ishlarning zamirida «ommaviy madaniyat» lashkarlarining g‘arazli maqsadlari yashiringan. Albatta, ular mazkur xizmatlar tufayli nafaqat butun insoniyatni ma’naviyatsizlik, behayolik, iymonsizlik, axloqsizlikka da’vat qiladi, balki moddiy tarafdan ham mo‘maygina daromadga erishadi. Bunday ishlarni nafaqat uyali aloqa vositalari tarmoqlari, balki ba’zi bir shaxslar ham xayrixohlik bilan amalga oshirayotganliklari eng katta musibatdir. Vaholangki, Alloh taolo «Moida» surasida marhamat qiladi: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang» (2-oyat).

Darhaqiqat, biz mo‘min-musulmonlar, o‘zaro yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishimiz lozim hamda lobuddir. Xorijdan turib har xil g‘arazli maqsadlar ila «ommaviy madaniyat» bayrog‘i ostida millatdosh va dindosh qardoshlarimiz orasiga fitna-fasodlarni yoyish, ularning birligi, ittifoqligi, milliyligi va ma’naviyatiga rahna soladigan turli e’lonlar yoki ko‘ngilochar o‘yinlarni yuborayotganlarning xizmatkoriga aylanib, ular bilan gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmasligimiz kerak.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sharqona urf-odatlar kushandasiga aylanayotgan xabarlar