06:30 / 15.02.2018
4 168

Yana «vaqtincha propiska»: qachongacha sarson bo‘lamiz?

Yana «vaqtincha propiska»: qachongacha sarson bo‘lamiz?
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi farmoni bilan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Ushbu dasturda Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ayrim cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan. Xo‘sh, bugunda bu dasturga muvofiq qanday chora-tadbirlar amalga oshiralyapti? Bunga bloger Davron Tojialiyev Facebook’dagi o‘z sahifasida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tgan.

Poytaxtning «vaqtinchalik» fuqarolari uchun yangilik: endi «vaqtincha propiska» uchun tuman OVIRiga emas, hududiy shahar ichki ishlar bo‘limlariga (GOM) murojaat qiling!

Bugun ertalabdan ijaradagi uyimning egasi, 79 yoshli onaxon bilan tuman xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga bordik. «Vaqtincha propiska» bilan shug‘ullanadigan xodimlar xonasi yopiq. «Stol uslug»dan surishtirsam, endi hujjatlarni shu vaqtgacha nomini eshitmaganim GOMga topshirasiz, deb javob berishdi. OVIRning har bir xonasida navbat, oxiri bir xodimdan bizning hududga xizmat qiladigan shahar ichki ishlar bo‘limining qayerda joylashgani haqidagi axborotni oldim.

Hududiy shahar ichki ishlar bo‘limlarining faoliyati yangilanibdi. U yerga hududdagi bir nechta mahallalar biriktirib, shu mahallalardagi pasport bo‘limlari bir yerga biriktirilibdi. Doimiy propiskadan chiqarish/qo‘yish, 17-forma, vaqtincha propiska hujjatlari shu yerda qabul qilinmoqda/berilmoqda ekan. Qabul kunlari dushanba kuni 10.00 dan 13.00 gacha, seshanba, chorshanba, juma, shanba kunlari 09.00 dan 13.00 gacha, payshanba – profilaktika kuni, yakshanba – dam olish kuni.

Ish ko‘lami ko‘paygani uchun 2 soat navbatga turishga to‘g‘ri keldi. 15 kundan so‘ng yuqorida keltirilgan qabul soatlarida qayd varag‘ini olib ketishimni aytishdi (tuman OVIR bo‘limida tushlikdan so‘ng tarqatishardi).

Hududiy shahar ichki ishlar bo‘limida hali “stol uslug” tashkil etilmabdi. Davlat bojini to‘lash uchun kassa ham mavjud emas. Baribir OVIRga borishga to‘g‘ri keladi. Telegramdagi @PassportInfoUzbot orqali vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish blankalarini olib, o‘zingiz to‘ldirsangiz ham bo‘ladi. Lekin u yerda "adresnыy listok pribыtiye" yo‘q. Uni OVIRdagi stol uslugda to‘ldirib berishadi. Bu ishlar uchun bugunning 4 soatini sarfladim. Ish kunimning yarmi byurokratik ovoragarchilikka ketdi.

«Vaqtincha propiska»ni avvaliga uchastka inspektorlari rasmiylashtirib berardilar, so‘ng bu vazifa tuman xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga o‘tdi, endi hududiy shahar ichki ishlar bo‘limlari shug‘ullanyapti, 2019 yil yanvaridan bu vazifa davlat xizmatlari agentligiga beriladi. O‘rtada shaharning «vaqtincha» yashovchilari sarson.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi nega bu haqda xabar bermadi? (bu haqda guvd.uz saytida biron ma’lumot topilmadi) Tegishli uchastkalarga xizmat qiluvchi bo‘limlarning manzillari va qaysi hududlarga xizmat qilishi haqidagi axborotni tarqatmadi? Nima uchun olti oy? Hech bo‘lmasa 2 yilga cho‘zilsa bo‘lmaydimi? Nega har olti oyda sarson bo‘lishimiz kerak? Vaholanki, ijara shartnomasini istalgan muddatga tuza olyapmiz-ku! Ijara shartnomasida uy egasi turmush o‘rtog‘i bilan birga shu uyda turishiga rozi bo‘lib, qo‘l qo‘ygandan keyin ham uning shaxsan o‘zi kelishini talab qilish to‘g‘rimi? Pasportda barmoq izi va rasm kabi biometrik ma’lumotlar bo‘lgani holda qo‘lni qora rangga bulab, barmoq izi olinishi shartmi? (vaqtinchalik propiska uchun ilk marta topshirilganda)

Biz informatsion texnologiyalar asrida yashayapmiz. 2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilindi. Nahot shuncha hujjatni yagona ma’lumot markazi orqali elektron tarzda topshirishning imkoni bo‘lmasa? (buni 2015 yiliyoq yozgandim) Ushbu savollarga tegishli tashkilotlardan ijobiy javoblar kutib qolaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yana «vaqtincha propiska»: qachongacha sarson bo‘lamiz?