10:01 / 24.02.2018
6 011

Sobiq “Abu-Saxiy” bozorida tadbirkorlardan noqonuniy ravishda pul yig‘ilmoqda (video)

Sobiq “Abu-Saxiy” bozorida tadbirkorlardan noqonuniy ravishda pul yig‘ilmoqda (video)
Toshkent shahrida joylashgan sobiq “Abu-Saxiy” bozori o‘rnida yangi tashkil etilgan “Toshkent savdo markazi”da tadbirkorlardan noqonuniy pul yig‘imi boshlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ma’muriyat vakillari bozor hududida uyali aloqa vositalari bilan savdo qiluvchi barcha tadbirkorlardan 300 AQSH dollarigacha bo‘lgan o‘lpon yig‘ishni talab qilmoqda. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan savdogarlardan birining aytishicha, talab qilingan pulni har oyda majburiy tartibda ma’muriyatga yig‘ib berish so‘ralmoqda.

“Aks holda, faoliyatimizni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdidlar qilindi. Rost gapni aytsam, shu bozorda kunim o‘tmoqda, oilamda qora qozon qaynaydi. Bozor ma’muriyati bo‘lsa, turli bahonalar bilan joyimni olib qo‘yishidan qo‘rqaman. Shuning uchun biror organga ochiq murojaat eta olmayapmiz”, deydi u.

Suhbatdoshning ta’kidlashicha, sobiq Abu-Saxiy bozori ma’muriyati ham shunday yo‘l bilan noqonuniy pul yig‘imini amalga oshirib turgan.

“Vaqti-vaqti bilan pul yig‘ilardi. Ammo, har oyda 300 dollardan kimningdir cho‘ntagi uchun ishlasak, ro‘zg‘orni kim tebratadi”, deydi boshqa sotuvchi.

Tadbirkorlarning iddao qilishicha, o‘lpon faqat uyali aloqa vositalari bilan savdo qiluvchi savdogarlardan undirilishi rejalashtirilgan. Gap shundaki, sotuvdagi xorijiy brend ostida ishlab chiqarilgan telefon, planshetlar bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekistonga olib kirilgan, deb taxmin qilinmoqda. Chunki bozorda milliy uyali aloqa vositalari bilan erkin savdo qilish davom etmoqda.

Shunga qaramay, “Toshkent savdo markazi”da yuzaga kelgan holatga yaqin ko‘rinishda “Malika” markazida ham savdo yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, “Toshkent savdo markazi”ning o‘zida xorijdan keltirilgan bir qancha turli rusumdagi maishiy texnika vositalari ham erkin sotuvga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, “Toshkent savdo markazi” tashkil etilganidan buyon bozor hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan undirilgan soliq tushumlari keskin oshib ketgani aytilgandi. Oradan bir oy o‘tib, bozor ma’muriyati ayrim tadbirkorlarning faoliyati xalaqit berib, do‘kon oldiga sotuvdagi mollarni qo‘yishni taqiqlamoqchi bo‘lgandi. Keyinchalik bu vaziyat ijobiy hal etildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sobiq “Abu-Saxiy” bozorida tadbirkorlardan noqonuniy ravishda pul yig‘ilmoqda (video)