21:30 / 28.02.2018
15 269

Surxondaryo viloyati milliy xavfsizlik boshqarmasi sobiq tergovchisi qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyati milliy xavfsizlik boshqarmasi sobiq tergovchisi qo‘lga olindi
Surxondaryo viloyati Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi tergov bo‘limining sobiq rahbari Nodir To‘raqulov hibsga olingan. Bu haqda bir qator xorijiy OAV hamda “Xabar.uz” manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, N.To‘raqulovga O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirovning kuyovi bo‘lgan N.To‘raqulov Surxondaryo viloyatidagi faoliyati davomida sheriklari bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy tadbirkorlarning biznesini tortib olish, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilish, narkotik savdolarini tashkil etish kabi jinoyatlarga aloqadorligi, Denov va Termiz shaharlarida unga tegishli “MALIKA GOLD” restorani, “ORIFA” saunalari borligi aytilmoqda.

Nodir To‘raqulov Surxondaryodagi faoliyatidan so‘ng Respublika Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Milliy xavfsizlik xizmatining viloyatdagi faoliyatini jiddiy tanqid ostiga olgan edi. Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida faoliyatini Surxondaryo viloyatida boshlagan MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovni “sotqin” deya atagan edi. G‘ulomov esa To‘raqulovning ustozi ekani aytiladi.

«Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikki-uch sotqin, davlat sotqinlari ishlagan. Bular Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan. Hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. Yana bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi, borib ishdan olaman.

13 yil bosh vazir bo‘lganman. Bu yerdagi vaziyatni bilaman. Hokim hech kim emasdi. Hamma hokimlar ularning xonasida bo‘lardi.

Sal qarshi gap bildirsa, g‘iybat qilib ishdan olib tashlardi. O‘g‘riga chiqarardi, bir aybni bo‘yniga qo‘yardi.

Endi u zamon tugadi. Man bularning birontasiga ishonmayman, bularning ma’lumoti kerak emas. Shuni bilinglar.

Endi to‘rt rahbar ko‘kragingni kerib ishla. Xalq uchun, vatan uchun ishla. Endi hech kim emas ular. Ularga vakolat bergan odam yo‘q endi.

Surxondaryoda bu masalada og‘ir edi. Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, o‘zing pul bermaydiganmiding, san G‘ulomov. Sotqin. Poraning boshida o‘zi o‘tirardi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tanqidiga duchor bo‘lganlar orasida aynan Nodir To‘raqulov ham borligi aytiladi.

Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Harbiy prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘landik. “Qo‘limizda bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q. Shuning uchun ham sizga aniq biror fakt ayta olmayman”, — dedi matbuot xizmati rahbari Davron To‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryo viloyati milliy xavfsizlik boshqarmasi sobiq tergovchisi qo‘lga olindi