00:50 / 08.03.2018
7 581

Bobomurod Abdullayev o‘zini qiynoqqa solgan MXX xodimlariga qarshi jinoiy ish ochishni so‘ragan

Bobomurod Abdullayev o‘zini qiynoqqa solgan MXX xodimlariga qarshi jinoiy ish ochishni so‘ragan
Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Sud jarayonida advokat Sergey Mayorov sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi va ushbu iltimosnoma tegishli tartibda sud tomonidan qanoatlantirildi.

Sergey Mayorovning “Gazeta.uz”ga xabar qilishicha, u 2017 yil 27 sentyabrda qo‘lga olingan Bobomurod Abdullayev bilan Milliy xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ikki marta uchrashgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, MXX xodimlari bir necha marta uni qiynoqqa solib, urishgan, tan jarohatlarini yetkazishgan, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qo‘llab, u sodir etmagan jinoyatlarni amalga oshirganini tan olishga majburlangan, hatto boshqa shaxslarga nisbatan yolg‘on ko‘rsatmalar berishga erishishgan. Ushbu tafsilotlar O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayevga yuborilgan arizada ko‘rsatib o‘tilgan.

“Arizada uni urib, qiynoqqa solgan MXX xodimlari ism-shariflari keltirilgan. Va u (Bobomurod Abdullayev — «Gazeta.uz” tahriri.) shu munosabat bilan ularga nisbatan jinoiy ish ochishni so‘ragan. Uni qiynashgan, biroq 27 sentyabrdan 5 noyabrgacha. Shundan so‘ng uni qiynoqqa solishmagan… Bugungi majlisda ular ish materiallariga qo‘shish uchun mazkur arizani qabul qilish to‘g‘risidagi da’voimni qondirishdi», — dedi u.

Bobomurod Abdullayevning asosan chap qo‘lida gematoma va shilinish ko‘rinishidagi qiynoq asoratlari saqlanib qolgan. “U yerda ko‘karish emas, gematomalar bor. U nima uchun chap qo‘lida ekaniga oydinlik kiritdi: uni o‘ng qo‘lidan kishanlab, chap qo‘liga urishgan va «hujjatlarga qo‘l qo‘yishing uchun o‘ng qo‘ling bizga kerak”, deyishgan», — dedi advokat.

Sergey Mayorovning qayd etishicha, uning himoyasi ostidagi shaxsga olti sutka davomida o‘tirish, yotish va uxlashga qo‘yishmagan. “Uning umurtqasi bilan katta muammosi bor. U egilgan holda o‘tiradi, u to‘g‘ri o‘tira olmaydi. Men sudya qaroridan shikoyat qilmoqchiman, chunki u mening umurtqa to‘g‘risidagi murojaatimni hisobga olmadi”, — deya ta’kidladi himoyachi.

Sudyalar tan jarohatlari, ularning xarakteri va og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasini tayinladi. “Sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishi bilan bizga kelgusi majlis to‘g‘risida xabar qilishadi”, — deya ma’lum qildi Sergey Mayorov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bobomurod Abdullayev o‘zini qiynoqqa solgan MXX xodimlariga qarshi jinoiy ish ochishni so‘ragan