
Bebahra ko‘p ko‘rinadi ziyodan,
Alomati ayon ahli riyodan,
Sababini so‘rang dili siyodan,
Ilmsizlik eshik ochar illatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Bugun kelsa erta ketar davlat bu,
Salmog‘i yo‘q manman degan savlat bu,
Ibrat bo‘lsin avlodlarga albat bu,
Bo‘lolmaydi sayqal suvrat siyratga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
So‘qir ko‘ngil suymay o‘tar dunyodan,
Qiron kelsa kuymay o‘tar dunyodan,
Qiliqlarin qo‘ymay o‘tar dunyodan,
Ruh kelmasa bo‘lmas bugun madadga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Yo‘qchilik cho‘t emas o‘tkinchi quyun,
Ma’naviy qashshoqlik kor qilsa qiyin,
Qiyomat qirtishlab qo‘ymaydi keyin,
Kafolatli qalqon uzoq muddatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Zaminday hokisor ma’suma ayol,
Bo‘lmasa qaniydi parishon xayol,
Go‘zallik timsoli bir aftodahol,
Kemtik ko‘ngil yetaklaydi kulfatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Ma’naviy dunyosi, moddiy dunyosi,
Or-nomus, andisha, sharmu hayosi,
Bag‘ri butun elning bormi qiyosi,
Yarashmaydi yolchimaslik elatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Ma’naviy jasorat – buyuk jasorat,
Ruhiy jon ozigi qanchalar rohat,
Qilsak qalbimizni kani islohot,
Ochiladi borar yo‘llar jannatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Soddaliging qursin, xalqim, soddasan,
Soddalikning tokay jabrin tortasan,
Do‘st deganing sotib tursa qaytasan,
To‘lib ketdi ko‘ngil gina-kuduratga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Sinashmasang sir bermaydi qoyalar,
Tavakkalni tan olmaydi g‘oyalar,
Bulut bo‘lib solar bir kun soyalar,
Qolmas bo‘lsa erta kuning zulmatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Ongimiz ulg‘aydi, aqlimiz yetuk,
Iroda baquvvat, ruhimiz tetik,
Ko‘nglimiz tilagan kunlarga yetdik,
Yana boqiy turmoq uchun davlatga,
Ma’naviyat kerak, mardum millatga.
Ibrohim AZIM
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar