date
views 5 638

Qur’on musobaqasi mutlaq g‘olibi: “Prezidentimizni duo qilishimiz kerak”

Qur’on musobaqasi mutlaq g‘olibi: “Prezidentimizni duo qilishimiz kerak”
— 1995 yil 9 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli tumanining Kenagas qishlog‘ida tug‘ilganman. Qur’onga muhabbat oilamizdan boshlangan. Otam Ibrohim Jumamurodov uzoq yillar davomida tumanimizda imom-xatib bo‘lib ishlagan. U kishi bolalik paytimda menga harf o‘rgatib, Qur’on oyatlarini yodlatgan. Bola bo‘lganim uchun har bir erishgan natijamdan so‘ng rag‘batlantirishni unutmasdi. Otamning ko‘magi bilan 2,5 pora Qur’onni yodlaganman.

So‘ngra Ne’matulloh qori Aminjon Eshon domladan saboq oldim, 30 pora Qur’onni yodladim. Ilk Qur’on xatmini 9 yoshimda, 2004 yilning Ramazon oyida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome’ masjidida ado etganman. 2010 yilda maktabni bitirib, Nukus shahridagi Muhammad Beruniy o‘rta maxsus Islom bilim yurtida tahsil oldim. Bu yerda tajvid va qiroat bo‘yicha bilimlarimni Bahrom qori qo‘l ostida mustahkamladim. 2015 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutiga o‘qishga kirdim, hozir 3-kurs talabasiman.

Islom institutida 1-kursda Islomxon Ubaydullayevdan, hozirgi vaqtda Ahmadxon Rashidovdan tajvid va qiroat bo‘yicha tahsil olyapman. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda Jahongir Ne’matovdan qiroat sirlarini o‘rganib boryapman.

2011-2012 yilarda respublika Qur’on musobaqasida sovrindor, 2013 yili Kuvaytda bo‘lib o‘tgan xalqaro Qur’on musobaqasining peshqadamlar o‘ntaligidan joy oldim. 2016 yili Toshkent Islom institutida o‘tkazilgan “Qur’on ziyofati” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lganman.

Meni joriy yilgi Qur’on musobaqasining mutloq g‘olibi, deb e’lon qilishganida qalbimdan o‘tgan hislarni ifoda etishim qiyin. Albatta, bu Allohning fazli bo‘ldi.

Bilasizmi, meni nima xursand qildi?.. XIX asrda ham Qoraqalpog‘iston va Xorazm tomonlarda ko‘plab ulamo va qorilar bo‘lgan. Ammo sho‘rolar olib borgan dahriylik siyosati sababli ular soni keskin kamayib ketgan.

Qoraqalpog‘istondan chiqqan mendek yigitning g‘olib bo‘lishi biz tomonlardan yana ko‘plab qori va ulamolar chiqishiga turtki berishidan umidim bor va buni Allohdan so‘rayman.

G‘olib deb e’lon qilishganida sahnada turar ekanman, avvalo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan oqilona ishlari haqida o‘yladim. Aynan u kishining tashabbusi bilan yurtimizda diniy sohada ham islohotlar o‘tkazilyapti. Qur’on musobaqasi ham mamlakat rahbarining taklifi bilan tashkil etildi. Ilgari kuzatilmagan holat — Qur’on musobaqasining targ‘ibot bannerlari butun respublikamiz bo‘ylab markaziy ko‘chalarga o‘rnatildi, ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi. Prezident sovg‘asi — Lacetti avtomashinasi kalitini topshirishdi. Bularning barchasi uchun rahmat aytaman. Biz, butun xalqimiz u kishini duo qilishimiz, amalga oshirayotgan xayrli ishlarida Alloh madadkor bo‘lishini so‘rashimiz kerak.
Muhammad Temur A’ZAM yozib oldi.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qur’on musobaqasi mutlaq g‘olibi: “Prezidentimizni duo qilishimiz kerak”