11:33 / 12.05.2018
7 505

Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi qamoqdan chiqdi

Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi qamoqdan chiqdi
Ravshan Muhiddinov (2011 yil).
Fotokollaj: «Xabar.uz»

«Xabar.uz»ning ma’lum qilishicha, huquq-tartibot idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, pora olganlik, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilganlik va boshqa ayblovlar bilan 2011 yili qo‘lga olinib, 2012 yili sud qaroriga ko‘ra 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Ravshan Muhiddinov ozodlikka chiqarilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisida sobiq amaldor reabilitatsiya qilinib, afv etilgan.

Esingizda bo‘lsa, 2017 yilning iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga safar qilgan, viloyat faollari ishtirokidagi yig‘ilishda prokuratura organi xodimlarini qattiq tanqid qilgan, bu yig‘ilishning audioyozuvlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi. Yig‘ilishda davlat rahbari o‘zidan ketib qolgan prokurorlarning joyi qamoqda ekanini ta’kidlash asnosida prokurorlan bundan xulosa qilishi kerakligi aytgan va fikrini aoslash uchun Ravshan Muhiddinovni yodga olgan edi. «Bu yerda Muhiddinov degani prokuror bo‘lgan. Ko‘ringlar necha yilga kesilib ketdi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.

«Xabar.uz» ma’lumoti:

Muhiddinov Ravshan Abdulatifovich 1963 yilning 22 iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, 1985 yili ToshDUning huquqshunoslik fakultetini, 1997 yili O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

U Chilonzor tumani prokuraturasi stajyori (1985—1986-yillar), Toshkent shahar prokuraturasi tergovchisi (1986—1992-yillar), tergov bo‘limi prokurori, katta prokurori, Bosh prokuraturaning tashkiliy nazorat va tahliy boshqarmasi prokurori (1992—1995-yillar), Bosh prokuraturaning tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Prezident devonida mas’ul xodim (1997—1998-yillar), Jizzax viloyati prokurori (2000—2005-yillar), Prezident devonida mas’ul xodim (2005—2006-yillar), Bosh prokuror o‘rinbosari, Bosh prokuratura huhuridagi SVOJJDLQK departamenti direktori (2006—2007-yillar), Adliya vaziri (2007—2011-yillar) lavozimlarida ishlagan.

U 2011 yilning iyunida u Muidjon Tohiriyning o‘rniga O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangandi. Biroq u ushbu vazifada bir yil ham ishlamay 2011 yilning 21 sentyabrida Prezident farmoniga muvofiq ishdan olinib, Toshkent viloyati prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayiinlangan edi. U 2011 yilning 20 noyabrida hibsga olingan va 2012 yilning fevralida sud qaroriga muvofiq qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Ravshan Muhiddinov O‘zbekistonda xususiy notariuslarning yopilishiga olib kelgan «Notariat to‘g‘risida» qonunning tashabbuskori hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi qamoqdan chiqdi