12:53 / 20.05.2018
4 345

Xayrullo Hamidov: "Sahobalar uqtiradilar"

Хайрулло Ҳамидов: "Саҳобалар уқтирадилар"
Sahobalar bizga bermishlar darak:
«Payg‘ambardan oling ne bo‘lsa o‘rnak!»
O‘tkinchi dunyoga siltadik etak
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Biz asli dunyodan ko‘zni yopgandik,
Oxirat manzilin ko‘zlab chopgandik,
Lek Islom sharafin aniq topgandik
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Ba’zimiz hotirjam, kimdir hovliqqan,
Ko‘ngil sarhush bo‘lib, horib toliqqan,
Iymon qalbimizda xurlikka chiqqan
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Biz ham sizin kabi o‘ynadik, kuldik,
Ba’zida shodlikdan sururga to‘ldik,
Dunyoning ustiga hukmdor bo‘ldik
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Qalbning ishlariga ko‘p quloq soldik,
Faqat o‘zimiz-la o‘zimiz qoldik,
Amiral mo‘minin maqomin oldik
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Bizga ham gunohlar bag‘rin ochmishlar,
Nifoq urug‘ini so‘ngra sochmishlar,
Jamiki gunohlar bizdan qochmishlar
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Biz ham ko‘p hijronda, g‘aflatda qotdik,
Shaytonga yuzlanib, tinmay tosh otdik,
Valekin iymonning lazzatin totdik
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Buzilib ketmish bu Odamning nasli,
Go‘yo yomg‘ir misol saraton fasli,
Hazrati Odamga aylandik asli
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Yurardik telbavor, sokin va ma’yus,
Intixosin bilmay xo‘p hayrotomuz...
Qaytdi ko‘ksimizga insoniy nomus
Qachonki kibrni sindirdik bizlar.

Sen ham oxirzamon avlodi, tingla,
Bizning so‘zimizni eshit va angla,
Najot yurti bo‘lib ko‘ringan qibla
Qachonki kibrni sindirdik bizlar...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xayrullo Hamidov: "Sahobalar uqtiradilar"