20:30 / 24.05.2018
3 172

Jurnalist qachon boyiydi?

Jurnalist qachon boyiydi?
Nolishni yomon ko‘raman. Bu yozganlarimni nolishga yo‘ymang. Faqat biz jurnalistlar islohotni o‘zimizdan boshlasak demoqchiman. Men boshqacha islohot haqida aytayapman.
Xudo xoxlasa, endi ijodkorlaru jurnalistlar ham yaxshi yashaydi, deya orzu-umidlarga ko‘milib yashayoganimizga ham olti oydan oshib qoldi. Ammo maoshimiz hamon o‘sha-o‘sha. Adashmasam 900 mingdan — bir yarim milliongacha. Shaxsan meniki bir millionga yetar-yetmas. Moddiy ta’minoti havas qilarli sanoqligina OAVlarni hisobga olmaganda hamma joyda ahvol bir xil. Qalam haqimiz ham oshadigan bo‘ldi, deya umidlanganimiz ham hozircha bekor. Ishonmassiz, yaqinda bir gazetadan 18 ming gonorar oldim (500 so‘mni unutibman uzr). Yo‘q ulardan mutlaqo hafa emasman. Gazetani yaxshi ko‘raman, kasbimni ham. Shuning uchun qaysi tahririyat maqola so‘rasa jon deb qarashaman. Biron marta hech qaysi tahririyat bilan qalam haqi talashmaganman. 5-6 gazeta jurnallar bilan hamkorlik qilaman. Hammasining qalam haqini qo‘shganda 200 mingga ham bormaydi. Birgina maqolani yozishning mashaqqatini hamkasblarim aytsin.

San’atkorlar bir to‘yga borib og‘zini qimirlatmay, miyasini ishlatmay, izzat-hurmat og‘ushida 100 dollardan 500 dollargacha ishlaydi. Jarroh oddiy ko‘richakni kesgani uchun ham 100-200 dollar oladi. Yaqinda oddiyroq jarrohlikni boshidan o‘tkazgan tanishim tibbiyot xizmati tekin kasalxonada opretsiya uchun 2 yarim million to‘ladi. Tish davolataman desangiz bir tishni 80 mingga davolaydi. Bir tishda nechda kanal bo‘lsa o‘shani sanab haqini oladi. Shifokor plombani yana o‘ziga qaytib kelishingiz uchun nomiga ildirib qo‘yadi. Teri-tanosil kasalliklari davlat shifoxonasining hatto farroshida ham mashina bor. Bizning muharrirlarimiz ham mashinada yuradi. Davlat ishxonasining mashinasida.

Mehnat qilgan yoki yuk ko‘targan yuzaga chiqadi, deyishadi. Bu maqol qaysi ma’noda aytilgani menga haligacha qorong‘u. Dangasa odam kambag‘al bo‘ladi, deyishadi. Buyam qaysi ma’noda aytilgan bilmayman. Turmush o‘rtog‘im bilan davlat ishida ishlaganimiz uchun dangasadirmizki boyimaymiz, yoki ko‘tarayotgan yukimiz yengil, yoki rostdan ham dangasamiz. Tadbirkor odam boyiydi, desak hamma tadbirkorlik qilsa kim jurnalist, kim o‘qituvchi bo‘ladi? Tadbirkorning muammosini yoki yutug‘ini yuzga chiqaradigan jurnalist, tadbirkorning farzandini o‘qitadigan o‘qituvchi ham kerak. Xullas, tadbirkorlik ham qilolmaymiz. Ba’zan yozuvchi yoki shoir bo‘lsammikan, deyman yoki bo‘lmaganimga afsuslanaman. Har holda bir balo qilib ikkita kitob chiqarsam, uyushmaga a’zo bo‘lardim. Uy-joy yoki bir-ikkita imtiyozlardan foydalanardim. Ammo o‘rtamiyona yozuvchi yoki shoir bo‘lgandan ko‘ra, o‘rtamiyona jurnalist bo‘lib kimlargadir ooooooozgina yordamim tekkani ma’qulroq tuyuladi. Chunki ba’zi, yana ta’kidlayman ba’zi shoiru yozuvchilarning tom-tom kitobi hech kimga foyda keltirmasa-da, ammo jurnalistning bir maqolasi inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ammo yana qaytaraman o‘sha ba’zi yozuvchi yoki shoir bir qancha imtiyozlarga ega bo‘ladi, jurnalist ham — bir kunlik yo‘lkira va bir kunlik tushlikka yetadigan qalam haqiga.

Yaqinda jurnalistlar uyi sotuvga qo‘yilmoqchi bo‘lganida ishxonamiz ham uysiz qolishini o‘ylab hafa bo‘lgandim(Yaxshiyamki unday bo‘lmadi). O‘sha kunlarning birida Yozuvchilar uyushmasiga yo‘lim tushdi. Sharoitini ko‘rib biram havasim keldi. Ko‘nglim qurg‘ur yaqin o‘rtada Jurnalistlar uyushmasida ana shunday imkoniyatu imtiyozlar bo‘lib qolishi mumkinligini orzuladi.

Aytgancha tanlovlarimiz bor-a. Lekin eng nufuzli “Oltin qalam” tanlovining oliy va birinchi o‘rinlariga beradigan pul mukofoti kreditga mashina yoki uy oladigan bo‘lsangiz boshlang‘ich to‘loviga ham yetmaydi.
Yetgandayam olmaymiz. Chunki keyingi to‘lovlarga bir oyligimiz ham yetmay bor kunimiz ham yo‘q bo‘ladi.
Shahardagi ikki xonali uyimizni, hamkasb dugonam bir xonali uyini sotib, yer olib qurilish boshlaganimizga 5 yil bo‘ladi. Tomi yopilganiga shukr qilib o‘tiribmiz. Axir ijarada yashayotgan, uyi yo‘q hamkasblarim oldida nolisak uyat bo‘lar. Ammo kuyunchak, iqtidorli jurnalist dugonam va boshqa hamkasblarim bilan uyga kredit ololmayotgan, farzandini o‘qitolmayotgan kam ta’minlangan, yordamga muhtoj hamyurtlarimizni kuyib-pishib gazetalarga yozamiz. Ba’zida qiynalgan odamlarning ahvolini ko‘rib ko‘zimizga yosh keladi. Qanday qilib yordam bersam ekan, deya o‘ylanib siqilamiz. O‘zimizning ahvolimiz ham ularnikidan kam emasligini hatto o‘ylamaymiz ham. O‘ylaganimizda ham biz boshqalar uchun jon kuydirganimizdek jon kuydiradigan yana kim yoki qaysi kasb egasi bor? Oxiri tejamkorlikni kasb qilib olamiz. Bu kasb ham yomon emas.

Tejamkorlik bo‘yicha tajriba shunchalik kattaki, bir necha ilmiy tadqiqotlarga teng maqolalarim gazeta sahifalarini bezadi. Maqolalarimda ayollarni tejamkorlikka chaqiraman. Tejamkor odam boy bo‘lishi haqida o‘qigan, eshitgan aforizm va hikmatlarni maqolalarimga qo‘shib boyitaman. Ammo negadir boy bo‘lishimdan hali ham darak yo‘q. Shuncha tejasam ham.

Musulmonchilik asta-sekin deyishadi. Matbuotda ishlayotganimga endigina 20 yil bo‘ldi. Demak, hali bizning sohamizda ham o‘zgarishlar bo‘lishiga bemalol umid qilsam bo‘ladi. Chunki men nolishni yomon ko‘raman, buni nolishga yo‘ymang.
Undan ko‘ra chala qolgan maqolam ustida ishlay. Bir shikoyat arizasida fermerning yeri nohaqlik bilan olib qo‘yilibdi. O‘sha masalaga oydinlik kiritishim kerak. O‘zimning muammolarimga kelsak, tejamkorlik haqida kitobni tajribalarim bilan yanada boyitaman (hali faktlar yetarli emas), so‘ngra uni chop ettirib yaxshi qalam haqi olmoqchiman...
Barno Sultonova.

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalist qachon boyiydi?