22:30 / 08.06.2018
3 650

Qurilish materiallari narxi bir yilda nima sababdan deyarli 30 foizga ko‘tarildi?

Qurilish materiallari narxi bir yilda nima sababdan deyarli 30 foizga ko‘tarildi?
Foto: politologa.net
Kecha, 7 iyun kuni Bosh prokuraturada mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha videoselektor majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Bosh prokuror, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda zamonaviy «Tashkent» va «Samarqand city», Nurafshon shahri, Toshkent xalqaro aeroporti, Toshkent xalqa yo‘li, Yunusobod metro liniyasi, Toshkent va boshqa shaharlardagi o‘nlab ko‘priklar, namunaviy uy-joylar, xususan xizmat uylari, kam ta’minlangan oilalar uchun uy-joylar qurilishini hisobga olgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish masalasining dolzarbligi va strategik muhimligi qayd etildi.

Ushbu va boshqa qurilish ob’ektlarining barpo etilishi katta hajmdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilishi va ichki bozorda bo‘lishini taqozo etadi. Biroq, oxirgi vaqtda qurilish materiallariga bo‘lgan talabning keskin ko‘payishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani, qurilish materiallari ishlab chiqarilishida zarur bo‘lgan gaz va elektr energiyasi tariflari oshgani hamda bir qator boshqa sabablar qurilish bozorida narxlar o‘sishiga olib keldi.

Misol uchun, respublika bo‘yicha joriy yilning may oyida qurilish materiallarining narxlari 2017 yil dekabr oyiga nisbatan umumiy hisobda 15,6 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 26,3 foizga oshgan.

Bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 7 316 ta tadbirkorlik sub’ektlarining 5 145 tasi, ya’ni 70 foizi mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmayapti.

Majlisda qurilish materiallari ichki bozorida yuzaga kelgan salbiy vaziyat sababi bo‘lgan ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi tanqid qilinib, tegishli davlat organlari, idoralari va tashkilotlari rahbarlarining tushuntirishlari eshitildi.

Majlis yakuni bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va qurilish materiallarining eng muhim turlariga (sement, pishiq g‘isht, oyna, taxta-yog‘och, metalloprokat va boshqalar) bo‘lgan narxlarni barqarorlashtirishga, qurilish materiallarining narxlari o‘sishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)