Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul kvotalari belgilandi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul kvotalari belgilandi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kirishi hamda quyidagi yo‘nalishlar mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirishni ta’minlaydigan asosiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanishi belgilab qo‘yildi:
  • xalqaro iqtisodiyot va menejment;
  • xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar;
  • xalqaro ommaviy va xususiy huquq;
  • gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati.

Universitetning Boshqaruv instituti va Diplomatik kurslari tugatilib, ularning negizida Universitet huzurida Oliy diplomatiya maktabi tashkil etildi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:
  • Universitetning bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish muddati to‘rt yilni tashkil etadi;
  • Universitetning barcha bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul chet tili, matematika/tarix, ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha davlat test sinovlari yakunlari asosida amalga oshiriladi;
  • abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etildi;
  • Universitetning magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim oluvchilar uchun bir yilni, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim oluvchilar uchun ikki yilni tashkil etadi;
  • magistraturaga qabul belgilangan tartibda mutaxassislik yuzasidan yozma imtihonlar va chet tili bo‘yicha imtihon topshirish orqali amalga oshiriladi;
  • Universitetning bakalavriatiga talabalarni qabul qilish kvotasi 150 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 30 kishi), magistraturasiga 50 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 10 kishi) etib belgilandi.

2018 yil 1 iyuldan Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarga uzoq yillik xizmati va diplomatik ranglari uchun oylik maoshlariga qo‘shimcha haq Universitet va Oliy maktab xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar