17:18 / 26.07.2018
4 388

Oliy ta’lim tizimi yangilanishi zarur

Oliy ta’lim tizimi yangilanishi zarur
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi oliy ta’lim tizimida ham jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Lekin sifatli mutaxassis tayyorlash uchun ushbu o‘zgarishlar yetarli emas. Kadrlar tayyorlash tizimida qator muammolar borki, ularni hal etmay turib, yetuk mutaxassislar tayyorlash haqida gapirish erta, deyiladi “Ma’rifat” nashrida e’lon qilingan maqolada.

Avvalo, oliy ta’limga talabalarni qabul qilish tizimini butunlay o‘zgartirish kerak. Sababi, hozirgi tizim o‘qishga qabul qilinayotgan talabaning shu sohaga qay darajada iqtidori va qobiliyati bor-yo‘qligini aniqlash imkoniyatini bermaydi.

Abituriyentning xotirasi kuchli bo‘lishi va belgilangan bloklar bo‘yicha testlarni yodlab olishi mumkin. Biroq u tanlagan sohasiga qiziqadimi, iqtidori bormi, kelajakda shu kasbning yetuk mutaxassisi bo‘lib ishlay oladimi kabi savollar ochiq qolmoqda.

Ayrim xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida bir yillik tayyorlov kurslari mavjud bo‘lib, ularda abituriyentning tanlagan kasbiga qiziqishi va aynan shu yo‘nalishga iqtidori bor-yo‘qligi aniqlanadi hamda shunga qarab oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorlaydi. Bizda ham shu kabi tizim joriy etilishi foydadan xoli bo‘lmaydi.

Oliy ta’lim tizimida yuritilayotgan me’yoriy hujjatlar soni va sifati haqida ko‘p gapirilayotgan bo‘lishiga qaramasdan haligacha mazkur masala hal etilmayapti. Masalan, davlat ta’lim standarti, malaka talablari, namunaviy fan dasturlari, ishchi fan dasturlari, o‘quv-uslubiy majmualar, mavzuviy-taqvim reja kabi. Ushbu hujjatlardan, aslida, o‘quv jarayonida deyarli foydalanilmaydi. Lekin tez-tez o‘tkaziladigan tekshiruv va o‘rganishlar jarayonida aynan shu hujjatlar talab qilinadi. Tabiiyki, ulardan o‘quv jarayonida foydalanilmagani uchun kamchiliklar aniqlanadi.

Yirik muammolardan yana biri me’yoriy hujjatlarga (malaka talablari, o‘quv reja, dastur kabi) har yili uzluksiz ravishda (2013 yildan beri) “ilg‘or xorijiy tajriba”lar asosida o‘zgartirishlar kiritilayotganidir. Aslida, hujjatlarga katta o‘zgartirishlar kiritilmaydi (bir fan nomi jarangdor qilib o‘zgartiriladi), lekin hujjatlar “takomillashtirilishi”, yangidan ishlab chiqilishi, ularni tasdiqlatish uchun esa mutasaddi idoralar roziligi va imzolar yig‘ilishi shart. To‘g‘ri, o‘zgartirish va yangiliklar kiritilishiga hech kim qarshi emas, agar shular ta’lim sifatini yaxshilashga hissa qo‘sha olsa! Har yili kiritilayotgan o‘zgartirishlar natijani aniqlash imkonini bermayapti. Aytaylik, 2017 yili o‘zgartirish kiritilgan o‘quv reja asosida tahsil olayotgan talaba o‘qishni 2021 yilda tamomlaydi. Joriy etilgan yangiliklar natijasini, talabaning qanday mutaxassis bo‘lib yetishganini tahlil qilmay turib, 2018 yilda yana yangi o‘quv rejasi va hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalariga o‘quv rejalaridagi fan bloklari va tarkibini soha xususiyatidan kelib chiqib mustaqil belgilash, sohadagi innovatsiyalarni hisobga olgan holda tezkorlik bilan o‘zgartirishlar kiritish, o‘qish davri, amaliyot, ta’til va imtihonlar vaqti va tartibini erkin belgilash huquqi berilishi lozim. Fan bloklariga (masalan, gumanitar va tabiiy-ilmiy fanlar 25—30 foiz, umumkasbiy fanlar 35—50 foiz, ixtisoslik fanlari 15—25 foiz kabi) va o‘quv davrining umumiy hajmiga (masalan, nazariy ta’lim 55—60 foiz, attestatsiya 6—10 foiz, ta’til 14—18 foiz) qo‘yilgan foizlar cheklovi bekor qilinishi, barcha imkoniyatlar va ajratilgan soatlar faqat yetuk mutaxassis tayyorlashga yo‘naltirilishi zarur. Shunday qilinsa, 4 yil emas, balki 3 yilda ham oliy ma’lumotli, yetuk bakalavrlar tayyorlash mumkin.

Yaqin 4-5 yildan beri oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq deyarli barcha oliy ta’lim muassasalari bir xil ko‘rsatma va bir qolipdagi me’yoriy hujjatlar asosida faoliyat olib borayotgani bois ularning reytingi ham o‘xshash. Talab qilinadigan, yuritiladigan hujjatlar, andozalar o‘zgartirilmas ekan, oliy ta’lim muassasalari aro sog‘lom raqobat, kadrlar sifati va reyting ko‘rsatkichlari borasida biror-bir ijobiy natijaga erishish qiyin.

Yana bir muammo o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimining samara bermayotganidir. Har yili ko‘plab o‘qituvchilar ishdan ajralgan holda ikki oy (288 soat) davomida (chunki malaka oshirish markazlarining ham o‘z rejalari bor, yiliga muayyan foiz o‘qituvchining malakasini oshirishi kerak) “majburiy” malaka oshirishga jalb etiladi. Afsuski, malaka oshirishga borib kelgach, o‘qituvchilarning aksariyatida ijobiy tarafga o‘zgarish bo‘lganiga, darsni eng zamonaviy texnologiyalar asosida qoyillatib o‘tganiga guvoh bo‘lmaysiz. Qolaversa, malaka oshirish o‘quv jarayoni paytida bo‘ladi. O‘qituvchilarning ikki oylik darsini kim o‘tadi? O‘qituvchilar kasbiy salohiyatining yetarli darajada emasligi ham tizim oldida turgan muammolardandir. Deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarida o‘z sohasining ustalari bilan bir qatorda o‘rtamiyona o‘qituvchilar ham ishlamoqda. O‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik kompetensiyasi hamda reytingini muntazam aniqlab, tahlil qiladigan, ularning natijalariga ko‘ra rag‘batlantirish yoki lavozimini pasaytirish, tizimdan chetlatish (o‘z ustida ishlab, mahoratini oshirmas ekan) imkonini beruvchi tizim yo‘lga qo‘yilishi, o‘qituvchi faoliyatiga talablar qaytadan ko‘rib chiqilishi lozim.

Vazifalarni qog‘ozda bajarishga behuda vaqt sarflanyapti, o‘qituvchilar va darslar sifati esa e’tibordan chetda qolmoqda. Masalan, “Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, ma’naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar yuklamasini aniqlash qoidalari”(Adliya vazirligida 2720-raqami bilan 2015 yil 19 oktyabrda ro‘yxatga olingan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 9 sentyabrdagi 5-2015-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan)ni qaytadan ishlab chiqish o‘qituvchilar faoliyati uchun o‘ta muhim. Mazkur qoidalarga ko‘ra, o‘qituvchi zimmasiga 6 ta vazifa yuklanmoqda. Ularni kamaytirish, pedagoglarning o‘z ustida ishlashiga, kasbiy mahoratini oshirishiga kengroq imkon yaratish uchun mazkur qoidalarni takomillashtirish lozim.

O‘quv jarayonini tartibga soluvchi hujjatlardan yana biri — “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini baholash to‘g‘risida nizom”ga ham zamon talablaridan kelib chiqib o‘zgartirish kiritilishi shart. Ikkala hujjat ham ikki yildan beri oxiriga yetkazilmay, loyiha va taklifligicha qolib ketmoqda. Vaholanki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshida oliy ta’lim muammolarini aniqlab, hal etishi, tizimni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan yirik tashkilot — Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazi mavjud. Mana shu tashkilot o‘z vazifasini haqqoniy bajarganida hozirgi muammolar to‘planib qolmas va tizim rivojiga to‘siq bo‘lmasdi.

Talabalarning o‘zlashtirishini baholash tizimi butunlay islohga muhtoj. Bunda talaba shunchaki ball yig‘ish uchun emas, balki yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun o‘qisin! Sir emas, hozirgi kunda aksariyat talabalar yuqori koeffitsiyentli stipendiya uchun “o‘qimoqda”. Sessiya paytida ayrim o‘qituvchi va aksariyat talabalarning asl qiyofasi namoyon bo‘ladi. Tamagirlik, tanish-bilishchilik kabi illatlar avj olishi, ayrim talabalar or-nomus va g‘ururini unutib, “besh” yoki “to‘rt” baho uchun turli usullarni qo‘llashi, uvvos solib yig‘lashdan tortib, o‘z joniga qasd qilish bilan qo‘rqitishgacha borishi kuzatiladi. Talabalarga stipendiya to‘lash tizimi isloh qilinsa, shu kabi noxush holatlarga chek qo‘yiladi.

Yana bir og‘riqli masala — talabalarning byudjet va to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinishi. Ushbu usul to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirgan yoshning talabalikning dastlabki kunidan, bitirguniga qadar o‘zini bir pog‘ona pastda hisoblashiga sabab bo‘ladi. Kimdir 4 yil o‘qish uchun pul to‘lash nimaligini bilmaydi, kimdir esa har yili to‘lov muddati yaqinlashganda “pulni qanday to‘layman”, deya yurak hovuchlab turishi achinarli hol! Shuning uchun oliy ta’lim muassasalariga byudjet o‘rinlari ajratilmasligi, hamma to‘lov-shartnoma asosida qabul qilinishi kerak. Shartnoma summasi miqdorini esa stipendiya to‘lamaslik evaziga hozirgi holatdan 50—70 foizgacha kamaytirilgan holda belgilash maqsadga muvofiq. Shunda teng huquqlilik ta’minlanadi va shartnoma puli miqdori yuqoriligi sabab uni to‘lash bilan bog‘liq muammolar hal etiladi.
Aziza Karimova


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy ta’lim tizimi yangilanishi zarur